Jinsiy zo‘ravonlikka oid jinoyatlar tergovi prokuratura organlariga o‘tkaziladi
Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarni jinsiy zo‘ravonlik hamda axloqqa zid tajovuzlardan asrash borasida qator islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay, bu boradagi jinoyatlar sodir etilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu sohada oxirgi 5 yilda 8,8 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan. Bundan tashqari, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni tergov qilish jarayonida qator muammolar saqlanib qolyapti. Xususan, ayrim hollarda jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda qonun normalari noto‘g‘ri qo‘llanilishi, jabrlanuvchilarning huquqlari to‘liq ta’minlanmasligi kabi salbiy holatlar uchramoqda.

Shu munosabat bilan ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda ayrim jinoyatlar tergovi samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi va parlament quyi palatasi majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida jinsiy erkinlikka, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuratura organlariga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu jarayonda voqea sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish muhim. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida prokuratura organlarining vakolatlarini kengaytirish, ularga bunday holatlarni tekshirish, dastlabki tergovni olib borish hamda jazoni ijro etish ustidan nazoratni kuchaytirish vazifalari yuklatilmoqda.

Bundan tashqari, mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan, ayniqsa, inson o‘limiga olib kelgan jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini ham takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarning jazoni o‘tash tartibini qat’iylashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik nazarda tutilmoqda.
Loyiha bilan taklif etilayotgan o‘zgartirishlar ayollar va bolalarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishi, jinsiy zo‘ravonlik holatlarini fosh etish va bu turdagi jinoyatlarni tergov qilish sifati oshishi hamda jazoning muqarrarligi ta’minlanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur jarayonda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan qat’iy prokuror nazorati o‘rnatilishini ta’minlaydi.
Muhokama va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ham ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA