Jinoyatlar “mahallabay” muhokama qilindi
Buxoro viloyati Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar ko‘p sodir etilgan “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarga borib jinoyatchilik holatini joyida muhokama qilmoqda.
Tuman hokimi, bir qator mas’ullar, mahalla mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirning navbatdagisi “Charmgaron” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etildi.

Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar fuqarolar va yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar “mahallabay” kesimida muhokama qilindi. Mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

Muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida sektor rahbari, mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori va boshqa mas’ul idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Mahallada kelgusida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar, ayniqsa, oilaviy janjallarni oldini olish maqsadida “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizimi, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.