Jinoyatga jazo muqarrar
Insoniyat boshiga turli balolarni solib, oilalarni va jamiyatni tanazzulga olib boradigan illatlardan biri giyohvandlikdir. Uning oqibatida minglab norasida go‘daklar mayib, majruh tug‘ilmoqda, oilalarda ajrashishlar ko‘payib, millionlab odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yumayotgani achinarli hol.
Eng yomoni shu og‘uni yomon oqibatlarga olib kelishini bilib tursa ham ayrim fuqarolar uning noqonuniy savdosini yo‘lga qo‘ymoqda. Tojikiston Respublikasi fuqarosi Muhammadali Imomnazarov ham mana shunday qabih ishga qo‘l urdi. U o‘tgan yilning 2 iyun kunidan 3 iyun kuniga o‘tar kechasi dastlabki tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxslardan sof vazni 1,946 gramm «gashish» giyohvandlik vositasini olib, uni O‘zbekiston Respublikasiga chegara aylanma yo‘llari orqali o‘tkazishni rejalashtiradi.
Davlat chegaralarini kesib, qonunga xilof ravishda Tojikiston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan vaqtida chegara posti chegara naryadi tomonidan qo‘lga olingan. M.Imomnazarov shu jarayonda qo‘lidagi «gashish» giyohvandlik vositasi yashirilgan sport sumkasini taxminan 3 metr masofaga uloqtirib yuborgan. Xolislar ishtirokida uning ichidagi ashyolar ko‘zdan kechirilganda, uning ichida qora sellofan paketga solingan, 2 bo‘lakdan iborat, presslangan, to‘q jigar rangli, o‘ziga xos hidli, sof vazni 1,946 gramm bo‘lgan «gashish» giyohvandlik vositasi, 100 AQSH dollari va shaxsiy kiyimlari borligi aniqlanib protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Ekspertiza xulosasida ham olingan modda gashish giyohvandlik vositasi ekanligi ko‘rsatilgan. Sudda u aybiga qisman iqror bo‘lib, turli vajlar keltirgan bo‘lsada, barcha dalillar yig‘indisi bilan jinoyat ishi to‘la isbotini topdi. Ko‘p miqdordagi giyohvandlik moddasini kontrabanda yo‘li bilan yurtimizga olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxsga uzil-kesil 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Furqatjon SOBIROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi raisi.