Jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi professionallarning xalqaro uchrashuvi
Toshkentda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar poytaxtlari ichki ishlar/politsiya idoralari rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar poytaxtlari ichki ishlar/politsiya idoralari rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
MDHga a’zo davlatlar poytaxtlari ichki ishlar/politsiya idoralarining yuqori lavozimli xodimlarini bir joyga to‘plash tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov tomonidan MDHga a’zo davlatlar ichki ishlar vazirlari kengashida ilgari surilgan. Ushbu tashabbus MDHga a’zo davlatlar hududida Uyushgan jinoyatlarga va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Buning amaliy natijasi bo‘lgan Toshkent uchrashuvida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Moldova, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston delegatsiyasi hamda O‘zbekiston ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar hududida Uyushgan jinoyatlarga va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Aytib o‘tish kerakki, ushbu formatdagi uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – MDHga a’zo davlatlar ichki ishlar organlarining poytaxt politsiyalari, ichki ishlar idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdir.
Uchrashuv doirasida Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov mehmonlarni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlash barobarida jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro, keng miqyosli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
– Jinoyatchilikka qarshi kurashishdan ko‘ra uning oldini olishga qaratilgan zamonaviy mexanizmlarni joriy etish dolzarblashib bormoqda, – dedi O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Jo‘raev. – Axborot texnologiyalari sohasida, giyohvand moddalar aylanishi va terrorizmga qarshi kurashish yo‘nalishlarida zarur axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Chunki bunday jinoyatlar transchegaraviy xarakterda bo‘lib, ildizi turli davlat yoki shaharda bo‘lishi sir emas. Bu esa ularga qarshi hamkorlikda kurashishni taqozo qiladi.
– Jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi idoralar vakillarining bunday yirik formatdagi uchrashuvi O‘zbekistonda ilk bor tashkil etildi, – dedi MDHga a’zo davlatlar hududida Uyushgan jinoyatlarga va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi boshqarma boshlig‘i Roman Volkov. – Bunda O‘zbekiston ichki ishlar vazirining sa’y-harakati muhim rol o‘ynadi. O‘z sohasining yirik professionallari bir joyga jamlanib o‘zaro tajriba almashishi o‘z samarasini ko‘rsatishi shubhasiz. Kelgusida bunday uchrashuvlarni har yili o‘tkazishni maqsad qilyapmiz.
Yig‘ilishda mazkur turdagi uchrashuvga doimiy maslahat organi maqomi berish va ushbu formatdagi faoliyat to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqish uchun ishchi guruh tuzish bo‘yicha fikr almashildi.
Ishtirokchilar bu borada O‘zbekiston tomonining Toshkent uchrashuviga doimiy ishchi organi maqomi berishga oid taklifini qo‘llab-quvvatladi.