2024 yil 14 martda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Aytib o‘tish kerakki, mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shaxs, jamoat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit huquqiy tizim yaratildi.
– Qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda, - deydi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nilufar Begmatova. – Ushbu organlarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha tezkor va samarali qarorlar qabul qilishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun bilan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ma’lumotlarni to‘plash, tezkor kiritish, niqoblangan operatsiya kabi tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish tartibini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda, shu jumladan, kibermakonda yoki uning imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘tkazilishi mumkin ekanligini belgilashni nazarda tutuvchi me’yorlar qonundan o‘rin oldi.
“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi.
Alohida qayd etib o‘tish kerakki, jinoyatchilikka qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanish soha xodimlari uchun juda samarali. Bu borada ichki ishlar organlari va ommaviy axborot vositalarining mustahkam hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik asosida amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlari ham jinoyatchilikning oldini olishning eng samarali vositasidir.
“Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunga ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasada tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish mumkin ekanini belgilovchi qo‘shimcha kiritildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi qonun jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini yanada ishonchli ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA