Farg‘ona bir necha yil avval mamlakatning eng ko‘p jinoyat sodir etiladigan viloyatlaridan biri edi. Jinoyatning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali usullari qo‘llanishi, xodimlarning fidoyiligi tufayli yildan-yilga uning soni kamayib bordi. Bugun esa jinoyatlarning ochilishida sakrash ro‘y berishi kutilayapti.
Ilgari huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning eng malakali mutaxassisi haqida u qilni qirq yoradi, der edilar. Endi esa o‘sha qilni o‘nlab mingga yorish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu zamonaviy texnologiya tufaylidir.
Keling, bugun Farg‘onada ro‘y bergan vaqealar haqida tartib bilan hikoya qilaylik. Dastlab Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasi Tezkor boshqaruv markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, boshqarma shaxsiy tarkibi, soha faxriylari ishtirok etdilar.
Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Azizbek Ikromovlar yig‘ilganlarni bugun nishonlanayotgan kasb bayrami va yangi ma’muriy binoning ochilishi bilan muborakbod etdilar.
Tadbir davomida zamonaviy xizmat avtomashinalarining yangi avlodi mas’ul xodimlarga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir guruh soha fidoyilari bayram munosabati bilan munosib taqdirlandi.
Shundan so‘ng faxriylar va mehmonlar ishtirokida ramziy tasma kesilib, yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Markazda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan yagona boshqaruv tizimi joriy etilgan. Huquqbuzarliklarning oldini olish, vaziyatni tezkor tahlil qilish hamda hodisalarga zudlik bilan javob qaytarish imkoniyati yaratildi.
[gallery-25926]
Tezkor boshqaruv markazi Prezident belgilagan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, uning faoliyatida sun’iy intellektga asoslangan ilg‘or dasturlar joriy etildi.
– 6 ta mamlakat vazirliklarining 37 ta ma’lumotlar bazasi bu yerga ulangan. U to‘liq sun’iy intellekt asosida boshqariladi. Shu yerdan viloyatdagi 20 mingdan ziyod kuzatuv kameralari orqali barcha shahar-tumanlar aholisini yuz va ko‘z ko‘rinishidan ular qayerda ekanligini qidirib topish mumkin bo‘ladi, – deydi Farg‘ona viloyat IIB Tezkor boshqaruv markazining rahbari Elmurod Mo‘minov. – Mehmonxona, bozor, shifoxona, savdo markazlari, mahallalarga qo‘yilgan kuzatuv kameralari bizning markazga integratsiya qilingan. Bu bilan huquqbuzarlikning oldini olish hamda jinoyatchini topish imkoniyati keskin oshdi.
Yangi texnologiyalar tufayli xodimlarning vaqti tejaladi, qarorlar aniq va tez qabul qilinadi, aholi xavfsizligi esa yanada yuqori darajada ta’minlanadi. Xo‘sh bu noyob texnik vositalarni kimlar boshqaradi?
– Barcha mutaxassislar O‘zbekiston IIV va “Xavfsiz shahar” o‘quv markazida malaka oshirib kelganlar. Ular jinoyatlarning turiga qarab ixtisoslashgan, – deydi Elmurod Mo‘minov. Tezkor boshqaruv markazi faoliyatini boshlagach viloyatda 134 nafar jinoyat sodir etib qidiruvda bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan shaxslar, 29 ta qidiruvda bo‘lgan transport, 55 ta yo‘qolgan va adashib qolgan, 481 nafar belgilangan cheklovlarga amal qilmagan nazoratdagi shaxslar masofadan turib aniqlandi.
Yangi markazning ish boshlashi natijasida viloyatning Farg‘ona, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida dronlar yordamida patrullik yo‘lga qo‘yildi.
Muhammadjon Obidov,
Abdulloh Rashidov (video, surat), O‘zA