Jinoyat protsessida ish yurituvni soddalashtirish
Bundan koʻzlangan maqsad ish yuritishni soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqqan holda fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda kafolatlashdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli Farmonida odil sudlovni amalga oshirishning yangi tizimini belgilab berdi.
Bundan koʻzlangan maqsad ish yuritishni soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqqan holda fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda kafolatlashdan iboratdir.
Taʼkidlash joizki, 2020-yil 10-avgustda“Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6041-sonli Farmonida kamchiliklar sifatida sud-tergov amaliyotini tahlil qilish va fuqarolar murojaatlarini oʻrganish natijalari jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash boʻyicha mexanizmlar toʻliq ishga solinmaganligidan, shuningdek, qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatlarini aniq belgilash bilan bogʻliq boʻshliqlar mavjudligini koʻrsatib berdi. Bu borada qoʻyidagilarning taʼqiqlanganligini koʻrishimiz mumkin:
tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan shaxsni gʻayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash. Bunda, tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari faqat ular qonun talablariga asosan olingan va shaxsda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yoki tezkor tadbirda ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bogʻliq boʻlmagan holda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud boʻlgandagina sud hukmida dalil sifatida tan olinishi mumkin;
shaxsni jinoyat ishida gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan hollarda (ekspertiza yoki taftish oʻtkazish talab etiladigan hollar bundan mustasno), uni guvoh tariqasida soʻroq qilish, shuningdek, unga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki ogʻzaki koʻrsatuvlar olish;
ushlangan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud boʻlmagan hollarda ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va soʻroq qilish;
surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va boshqa sud protsessi ishtirokchilarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish yoki soʻroq qilish
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda jinoyat protsessida ishlarni soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqish, shaxsning huquq va erkinliklarini toʻlaqonli ravishda kafolatlash hozirgi kun nuqtayi nazari bilan qaraganda juda moʻhimdir.
Maʼlumotlarga qaraganda, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida 70-90% jinoyat ishlari tezlashtirilgan, soddalashtirilgan shakllarda yuritilishi ushbu tartibga alohida eʼtiborni taqozo etadi.
“Jinoyat - protsessual munosabatlarda soddalashtirilgan tartibda ish yuritish – tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov, sud bosqichida ish holatlarini aniq hamda jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyatini inobatga olgan holda tez, qisqa muddatlarda kamxarajatlilik bilan qonuniy qaror qabul qilish inkonini beruvchi, jinoyat protsessining barcha ishtirokchilarining ortiqcha takrorlovchi kuch va boshqa vositalarni sarflanishini oldini olishga qaratilgan jinoyat protsessining alohida jarayoni”.
Eʼtibor beradigan boʻlsak, mamlakatimizda soddalashtirilgan tartibda ish yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy-protsessual kodeksida oʻz aksini topgan.
Qoʻshimcha tarzda aytsak, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga ham “Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi” kiritildi.
Yangi mexanizmlarni joriy etish jinoyat protsessual qonunchiligining kun tartibida turgan navbatdagi dolzarb masalasidir.
Shu uchun bugungi kunda ilmiy qarashlardagi gʻoya va yondoshuvlarni qayta koʻrib chiqish hamda ularni muayyan tizimga solish ehtiyoji mavjud.
Jinoyat protsessini soddalashtirish natijasida tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov hamda sud organlarining ish yurituvining ixchamlashuviga, inson taqdirini tom maʼnoda ertaroq hal qilishda mavjud boʻlgan byurokratik protsessual normalarni takomillashtirishga, masʼul organlarda xizmat faoliyatini oʻtayotgan davlat xizmatchilarining ish hajmining qisqarishiga, ishga nisbatan masʼulligini oshirishga yana bir marta katta xizmat qiladi, deb ayta olamiz va qoʻyidagi masalalarni hal qilishda ahamiyat kasb etadi.
Birinchidan, jinoyat-sudlov ish yurituvini tez, oson amalga oshirilishini hamda ortiqcha sarsongarchilikni oldi olinadi;
Ikkinchidan, jinoyat – davlat organlari va fuqarolarning ortiqcha kuch- vositalarni sarflanishini oldi olinadi;
Amaldagi jinoyat protsessual kodeksining 27-moddasida, protsessual harakatlar va qarorlar ustidan shikoyat qilish huquqi kafolatlangan boʻlsada, shikoyat qabul qilishning faqatgina sud tartibi koʻrsatilgan xolos.
Fikrimizcha, quyidagi tahrirda bayon etishni taklif etamiz: “Protsessning istalgan paytida iltimosnomani bildirish va shikoyat berish mumkin. Iltimosnoma ogʻzaki, yozma, elektron shaklda, yaʼni hal qiluvchining elektron resursiga yuborish orqali bajarilishi mumkin”. Yaʼni bunda biz “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga havola qilmagan holda, aynan shu moddaning oʻzida koʻrsatib oʻtilishi lozim, deb hisoblaymiz.
Qonundagi yana bir muammoli holat sifatida ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar jinoyat ishi qoʻzgʻatish uchun sabab boʻlishi belgilangan boʻlsada, biroq, ijtimoiy tarmoqlar orqali jinoyat sodir etilganligi tasviri tushurilgan fotosurat yoki videotasvir boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatishga sabab boʻlishi mumkinligi mavjud emas.
Fikrimizcha, “...eʼlon qilinmagan hatlardagi xabarlar” jumlasidan soʻng, “shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali jinoyat sodir etilganligi tasviri tushurilgan fotosurat yoki videotasvir jinoyat ishini qoʻzgʻatishga sabab boʻladi” jumlasi bilan toʻldirish maqsadga muvofiq boʻladi. Amaliyotda esa, koʻplab hollarda ijtimoiy tarmoqlar orqali jinoyat sodir etilganligi tasviri tushurilgan fotosurat yoki videotasvir boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, jazo muqarrarligi taʼminlanib kelinmoqda. Lekin bunday masalani hal qilishda protsessual qonunchiligimiz tayyor holatdami degan savol toʻgʻlishi tabiiydir.
Koʻpgina rivojlangan demokratik davlatlarning tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, jinoyatlarning ogʻirlik darajasiga koʻra, dastlabki tergov oʻtkazish muddatlari, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasining muddatlarini qisqartirilgan.
Jinoyat protsessual qonunchiligimizda 351-moddasiga muvofiq, “Dastlabki tergov jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan kundan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim”ligi belgilangan.
Biroq, dastlabki tergov muddatini jinoyatlarning ogʻirlik darajasiga koʻra, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergovni tamomlashning umumiy muddatini 2 oy qilib belgilab, uni uzaytirish mumkinligi boʻyicha albatta yuqori turuvchi prokurorning roziligini olgan holda tergov ustidan nazoratni amalga oshiruvchi prokurorning asoslantirilgan qaroriga koʻra, qoʻshimcha bir oy muddatga qadar uzaytirilishi mumkinligi haqida qoidalar kiritilishini taklif qilamiz.
Amaliyotda, quyi prokuratura organlari tomonidan ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat ishlari boʻyicha tergov harakatlari ikki oy muddatga bormasdan ham hatto tez fursatlarda hal qilib kelinmoqda.
Bundan tashqari, qonunga dastlabki tergovni qisqartirilgan muddatda tamomlash boʻyicha bevosita nazoratni taʼminlovchi prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror tomonidan qisqartirilgan muddat belgilanishi mumkinligi xususida yangi norma kiritishni lozim deb hisoblaymiz.
Quyidagi mazmunda, JPKga yangi 3511-modda bilan “Dastlabki tergovning qisqartirilgan muddatini belgilash” deb nomlab, unga koʻra, quyidagi “Jinoyat ishi tergovi boʻyicha bevosita nazoratni taʼminlovchi prokuror, yuqori turuvchi prokurorning yozma koʻrsatmasi yoxud fuqaroning bevosita murojaati asosida jinoyat ishidagi holatlardan xabardor boʻlgani holda qonunda belgilangan muddatdan qisqartirilgan dastlabki tergov muddatini belgilashi mumkin. Dastlabki tergovning qisqartirilgan muddati jinoyat ishini yuritish uchun zarur boʻlgan protsessual harakatlarni yoki qarorni qabul qilish uchun xalaqit qilmasligi, shuningdek, boshqa shaxslarning qonuniy huquqva manfaatlarini poymol qilmasligi kerak.”
Jinoyat ishining tergovi muddatini qisqartirish, uzaytirish ish yuzasidan ayblanuvchiga nisbatan qoʻllanilgan ehtiyot chorasi muddatini oʻz ichiga olmaydi. Qisqartirilgan muddatda oʻtkazilgan tergov davomida ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash boʻyicha iltimosnoma bilan sudga murojaat qilinganda, sud tomonidan dastlabki tergovning qisqartirilgan (yoki uzaytirilgan) muddatiga ayblanuvchini qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi muddatiga muvofiq boʻladi. Lekin, qisqartirilgan tergov muddati qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan muddatidan oshmasligi shart” degan qoida bilan toʻldirish lozim.
Keyingi yillarda, jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchilar koʻrsatuvlarini, ularni obyektiv sabablarga koʻra kechroq soʻroq qilish imkoniyati boʻlmagan hollarda, oldindan mustahkamlab qoʻyish (deponirovaniye) institutini joriy etish gʻoyasi mamlakatimiz protsessualist olimlari tomonidan ilgari surilmoqda.
Qonunga ushbu institutning mujassamlanishi bilan ham jinoyat protsessining sudgacha boʻlgan bosqichini hamda sud jarayonini ham soddalashtiradi.
Guvoh va jabrlanuvchining koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlab qoʻyish bilan ham vaqt tejaladi va ularning koʻrsatmalari oʻzgartirilishining oldi olinib tergovchining ishi bir muncha mustahkamlanadi.
Bunday jarayon ishtirokchilarning koʻrsatuvlarini mustahkamlanishi deyilganda, albatta sud oldida bunday koʻrsatuvlarni tekshirilishi va mustahkamlanishini nazarda tutadi.
Bunday tartibning joriy etilishi esa, protsess ishtirokchisining vaqti, uning xavfsizligi va ishning tez fursatda hal boʻlishi imkonini beradi.
Mazkur qoida mamlakatimizda qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini ommaga muhokama qilish uchun internet tarmogʻining regulation.gov.uz saytida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan eʼlon qilingan yangi “Oʻzbekiston Respublikasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni loyihasida ham oʻz aksini topgan.
Xulosa oʻrnida aytishimiz muminki, hozirgi kunda mamalkatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida sudlarning mustaqilligini taʼminlashga, sud hukmlarini chiqarishda faqat qonunga amalga qilishlari, inson huquqlarini kafolatlashda sudlarga murojaat qilishning yangicha tartib-taomillarini koʻrishimiz mumkin. Shuningdek, dastlabki tergovda ish yuritishning soddalashtirilgan tartibi sud muhokamasida hal qilinishi lozim boʻlgan masalalarni tez va oson hal koʻrib chiqilishiga xizmat qiladi.Yuqoridagi kabi soddalashtirishga doir normalarning jinoyat protsessual qonunchiligimizga keng joriy etilishi jinoyat-protsessining barcha ishtirokchilari huquqlarini kafolatlash, jinoyat ishini yuritishga masʼul boʻlgan shaxslarni oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilishlarini, eng yomon illat korrupsiyaga yoʻl qoʻyishlarini oldini oladi.
Sarbon URALOV,
Toshkent davlat yuridik uniyersiteti
Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi oʻqituvchisi