Tahlil va taklif
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining dastlabki moddasida davlatimiz boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida e’tirof etilgan. Bu qat’iy qoida sud hokimiyati faoliyatida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinishi bilan izohlanadi.
Ta’kidlash joizki, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.
Joriy yil 24 may kuni milliy qonunchiligimizga oid "Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Ushbu hujjatda davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish belgilanganligi, muhokamaga qo‘yilgan masala, aynan hozirda yechimi talab etilayotgan dolzarb muammolardan biri sifatida ko‘rilayotganidan dalolat beradi.
Shuning uchun jinoyat protsessual kodeksida ta’kidlangan konstitutsion qoidalar va Prezident farmoni talabidan kelib chiqib yondashsak, sudda ishlarni yuritishda tortishuvni ta’minlash tamoyilining mazmun-mohiyati huquqni muhofaza qilish hamda sud faoliyatida to‘g‘ri talqin etilib qo‘llanilishi muhim.
Xususan, Jinoyat protsessual kodeksi (JPK)da aniqlanishicha, sud ayblov yoki himoya tarafida turmasligi va ularning biron-bir manfaatini ifodalamasligi belgilangan. Sud xolislik va beg‘arazlikni saqlagan holda taraflarning protsessual majburiyatlarini bajarishi va berilgan huquqlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratib berishi belgilangan.
Vaholanki, amaldagi protsessual qonunchilikning sud ish yurituvini olib borish bilan bog‘liq tartiblarida tamoyilga zid ravishda himoya tarafining protsessual maqomi bilan bog‘liq tushunmovchiliklar mavjud. Bu esa advokatlar professional hamjamiyatiga ishonch bildirishga va ba’zan sun’iy to‘siqlar bilan izohlanadi.
Jumladan, avvalo jinoyat protsessida advokat isbotlash sub’ekti qatoriga kiritilmagan. Bu o‘z o‘rnida advokat tomonidan to‘plangan ma’lumotlarni dalil sifatida ko‘rilmasligi aniq. Sababi, JPK 87-moddasi 2-qismida himoya tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yish nazarda tutilgan bo‘lishiga qaramay, ushbu ma’lumotlar protsessual tartibda majburiy baholanishi shartligi ko‘rsatilgan. Mazkur holatda protsessual taraflarning teng huquqi faktik ta’minlanganligini ta’kidlab bo‘lmaydi.
Ikkinchi jihat, jinoyat protsessida dalil sifatida faqat amaldagi protsessual qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilingan holda o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ri va vakolatli shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlardagi (bayonnoma, qaror, ajrim va hokazo) ma’lumotlar ko‘riladi. Shundagina jinoyat ishi doirasida to‘plangan dalillar maqbulligiga baho beriladi. Ushbu jarayonga advokat bevosita ta’sir ko‘rsata olmaydi. Shu asnoda bu holat ham advokatni himoya yuzasidan to‘planadigan hujjatlarini avvaldan hech qanday daliliy ahamiyatga ega emasligini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, ishni ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborish va ayblov hukmi chiqarish uchun JPKning 82-moddasida keltirilgan holatlar isbotlanishi belgilangan. Isbotlash sub’ektlarini ushbu holatlarni aniqlash borasidagi vakolatlari, advokat vakolatiga qaraganda nomutanosib.
Masalan, jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul shaxs har qanday ma’lumotni olish va istagan shaxs bilan protsessual harakat o‘tkazishga haqli hamda uning qonuniy talabini bajarilishi majburiy tusga ega. Vaholanki, advokat ishga taalluqli axborotdan xabardor bo‘lgan shaxslarni so‘rovdan o‘tkazish uchun ushbu shaxsni roziligi talab etiladi, ishga aloqador ma’lumotni agar ushbu ma’lumot maxfiylik darajasiga ega bo‘lsa, advokat so‘rovnoma yuborib olishi mavhum.
To‘rtinchi jihat esa jinoyat ishi bo‘yicha shaxsni ayblash uchun dalillarni yetarli, deb topishga isbotlovchi sub’ektlarni qarori asosida yo‘l qo‘yiladi. Advokat tomonidan ushbu sub’ektiv qarorni qonuniyligini shubha ostiga olib bekor qilish bilan bog‘liq ta’sir qilishning samarali mexanizmi qonunchiligimizda mavjud emas.
Суд isbot qilish ishtirokchilari safidan chiqarilishi kerak deb o‘ylaymiz. Ya’ni sud holatga odil yondashuv bilan xolisona huquqiy baho beradigan mezonga aylanishi lozim. Shundagina jarayonda taraflar tortishuvligini ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Va nihoyat, so‘nggi jihat, jinoyat protsessi ishtirokchilarini ish yurituvga majburiy jalb qilish faqat isbotlovchi sub’ektlar tomonidan amalga oshirilishiga qonuniy chek qo‘yish kerak.
Yuqorida keltirilgan fikrlarga ko‘ra, dolzarb masalalar bo‘yicha, protsessual qonunchilikka kiritilishi zarur deb bilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, provardida, inson huquqlarini jinoyat protsessida ta’minlashni kafolatlaydi va chinakam sud hokimiyatini mustaqillikka erishishga zamin yaratadi.
Jasur NE’MATOV,
Toshkent davlat yuridik universitetining
«Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura» kafedrasi professori.
O‘zA