Mustaqillikning ilk yillaridanoq mamlakatda sud-huquq sohasini isloh qilish, unga demokratik andozalar va halqaro huquqning umume’tirof etilgan standartlarini joriy qilish orqali rivojlangan demokratik mamlakatlarning sud-huquq tizimlariga muvofiqlashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga bu borada ko‘plab yangiliklar kiritildi. Xususan, Jinoiy odil sudlov jarayonida shahslarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kuchli himoya qilish milliy tizimi yanada mustahkamlandi.
Jumladan, Asosiy qonunda:
- demokratik hamjamiyatning jinoyat protsessida umume’tirof etilgan Miranda qoidasi, Xabeas korpus akti talablari yanada kuchaytirildi;
- jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi;
- aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi;
- agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas degan qoidalar mustahkamlab qo‘yilganligi yuqoridagi gaplarning yaqqol isbotidir.
Shunga qaramay milliy sud-huquq tizimini, shu jumladan, jinoiy odil sudlovni yanada takomillashtirish, uni leiberallashtirish va modernizatsiyalash davr taqozosidir.
“O‘zbekiston-2030” Strategiyasida sud-huquq tizimida islohotlarni amalga oshirish uzoq muddatli davlat siyosatining ustuvorliklaridan biri sifatida e’tirof etilgan.

Milliy odil sudlovni, jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha yuritilayotgan jinoyat protsessini yanada takomillashtirish borasida rivojlangan demokratik mamlakatlarning tajribasi va amaliyoti alohida ahamiyatga ega desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu borada AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Koreya Respublikasi, bizning huquqiy tizimimizga o‘xshash jihatlari ko‘p bo‘lgan Germaniya, Fransiya, boshqa G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining sudgacha bo‘lgan bosqichi tahlili O‘zbekistonnning jinoyat protsessini yanada takomillashtirish borasida ayrim taklif va tavsiyalarni shakllantirish uchun asos bo‘ldi.
Jumladan, mazkurmamlakatlarda O‘zbekistonga o‘xshash davlat ijro hokimiyati organlari (ichki ishlar va bojxona organlari, davlat xavfsizligi xizmati) tomonidan amalga oshirilayotgan va sobiq Ittifoqdan bizga meros bo‘lib qolgan, jinoyat protsessining to‘laqonli va asosiy bosqichlariga kiruvchi jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv va dastlabki tergov institutlari mavjud emas desak xato bo‘lmaydi.
Mazkur mamlakatlarda sudgacha bo‘lgan jarayon mavjud bo‘lib, uni, shartli ravishda, ikki bosqichga ajratsak bo‘ladi.
Birinchi bosqichda jinoyat bo‘yicha politsiya organlari tomonidan qisqa muddatli surishtiruvi shaklida, prokurorlarning nazorati yoki bevosita rahbarligi ostida, tezkor-qidiruv faoliyati amalga oshiriladi.
Ikkinchi bosqichda politsiya organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv materiali prokurorga yuboriladi va uning ko‘rsatmasiga muvofiq, dastlabki tergovga o‘xshash ish yurituvi maxsus tergov organlari tomonidan o‘tkaziladi.
Mazkur organlarni, shartli ravishda, uchta shaklга ajratsak bo‘ladi.
Birinchi shakl – Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya va boshqa G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining sudgacha bo‘lgan bosqichda dastlabki tergovni sud hokimiyatiga aloqador maxsus vakolatli shaxs - sud tergovchisi amalga oshiradi.
Ikkinchi shakl – AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarning sudgacha bo‘lgan bosqichi hisoblanadi, u O‘zbekistoniki kabi tergovga qadar tekshiruv bo‘lib, odatda juda qisqa muddat - 24 soat ichida politsiya yoki jinoyatlar bo‘yicha tekshiruvni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan ma’muriy organlar (elektr, suv, svet nazorati, soliq organlari hodimlari va h.z.) tomonidan o‘tkaziladi.
Uchinchi shakl AQSH va yana bir qator mamlakatlarda mavjud bo‘lib, unda sudgacha bo‘lgan jarayonni (sodir etilgan jinoyat federal yoki federal bo‘lmagan toifasiga qarab) prokurorlar (attorney) yoki maxsus tergov idorasi – Federal tergov byurosi amalga oshiradi. Bunda ham tergovgacha bo‘lgan jarayon O‘zbekistonning jinoyat-qidiruv faoliyatiga o‘xshab, ma’lum bir tergov harakatlari o‘tkazilmasdan amalga oshiriladi.
Mazkur amaliyotni inobatga olgan holda, O‘zbekistonda jinoyat protsessining surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida tubdan isloh qilish, rivojlangan demokratik mamlakatlarga o‘xshab, ularni soddalashtirilgan shaklga keltirish davr taqqozosidir. Mazkur islohot jarayonida:
- jinoyat ishlarini qo‘zg‘atishni protsessual rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechish;
- surishtiruvni faqatgina jinoyat haqidagi xabarlarni nomarmal (ya’ni shaxslardan tushuntirish hatini olmasdan, ularni ko‘rgazmasini tekshiruvchining yozuv daftarchasida qayd etish orqali) tekshirish va qisqa - 24 soatdan oshmagan muddatda amalga oshirish;
- jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovni, ko‘proq, tezkor-qidiruv faoliyatiga o‘xshash shaklda, sud hokimiyatiga o‘tkazilgan (sobiq prokuratura, ichki ishlar, davlat xavfsizligi hizmatining tergovchilaridan tashkil topgan) tergov sudyalari tomonidan amalga oshirish;
- dastlabki tergov muddatini: aniq jinoyatlar bo‘yicha 1 oy oydan oshmasligini, noma’lum holatlarda sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha – 6 oydan oshmasligini belgilash, uning jarayonida faqatgina ayblov tarafi uchun daliliy ahamiyatga ega bo‘lgan va keyinchalik sud majlisida sud va himoya tarafi tomonidan (daliliy ahamiyatga ega ekanligi nuqtai nazaridan) baholanadigan: voqea joyini ko‘zdan kechirish, ekspertizani tayinlash, shuningdek, tergov sudyalari roziligi bilan va dalil sifatida sudda baholanadigan jinoyatni sodir etgan shaxsni va guvohlarni so‘roq qilish, tintuv va olib qo‘yish xarakatlarini amalga oshirish kabi xarakatlar bilan chegaralash taklif etiladi.
Qayd etilgan mamlakatlarda sudgacha bo‘lgan bosqichda O‘zbekistondagi kabi jinoyat ishini qo‘zg‘atish va boshqa tergov xarakatlarini protsessual rasmiylashtirish tartibi ham mavjud emas.
Xorijiy mamlakatlarda deyarli barcha sudgacha bo‘lgan xarakatlar bitta bayonnomada aks ettiriladi. Shu bilan birga, ayrim mamlakatlarda (masalan, Fransiya, Germaniyada) jinoyat protsessi, rasman, bevosita jinoyat ishlari bo‘yicha sudda davlat ayblovchisi vazifasini bajaruvchi prokuror tomonidan “ayblov da’vosi”ni kiritishi bilan boshlanadi va uning davomida amalga oshiriladigan keyingi xarakatlar faqatgina sud tomonidan rasmiylashtiriladi.
Shu bilan birga, masalan, AQSHda rasmiy ayblovni qo‘yishga va ayblov hulosasini sudgacha bo‘lgan bosqichda prokuror (attorney) tomonidan tuzilishiga maxsus idora – Katta jyuri yoki magistrat tomonidan ma’qullansagina ruxsat beriladi.
Shularni inobatga olib:
- jinoyat ishlari bo‘yicha ko‘plab protsessual harakatlarni amalga oshirish va protsessual rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechish, ularni surishtiruv jarayonida – tekshiruvchining yozuv daftarchasiga, dastlabki tergov jarayonida – tergov sudyasining jinoyat ishi bo‘lgan - ayblov xulosasida qayd etish,
- yuqorida joriy qilishni tavsiya etayotgan tergov sudyalari tomonidan tergov qilingan barcha jinoyat ishlarini prokurorga yuborish, prokuror mazkur ishni sudga yuborish maqsadga muvofiq deb topsa, o‘zi ayblov xulosasini tayyorlab, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborish amaliyotiga o‘tish tavsiya etiladi.
Eng muhimi, rivojlangan demokratik mamlakatlarda shaxslarni qamoqqa olish bilan bog‘liq Xabeas korpus institutini qo‘llash O‘zbekistondan farqli amalga oshiriladi.
Azaldan jinoyatlarni sodir etgan shahslarni qamoqqa olish (ularda arest deyiladi) prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur ehtiyot chorasining qonuniyligi va asosligini, Xabeas korpus akti asosida, sud hokimiyatiga kiruvchi va jinoyat ishlari ko‘rish bilan shug‘ullanmaydigan mustaqil organ – magistratura (anglo-sakson huquqiy oilaga kiruvchi mamlakatlarda) va tergov sudyalari (romano-german huquqiy oilasiga kiruvchi mamlakatlarda) tekshiradi.
Bu borada shuni alohida ta’kidlash joizki, xorijiy jinoyat protsessida jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish va boshqa extiyot choralarini qo‘llash masalasini hal etishda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar umuman qatnashmaydi va bu sudlar holisligini ta’minlash garovi hisoblanadi.
Shularni inobatga olib:
- 2025 yil 1 yanvardan joriy qilinishi nazarda tutilgan tergov sudyalarini jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tarkibidan chiqarish va ularni sud hokimiyatining alohida mustaqil tuzilmasi sifatida belgilash;
- tergov sudyalariga jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim protsessual xarakatlarga, jumladan, qamoqqa olish, o‘y qamog‘i, tintuv va telefon so‘zlashuvlariga sanksiya berish emas, balki mazkur protsessual xarakatlarni o‘tkazishni reja qilgan tergovchi va prokurorlar qarorlarining qonuniyligi va asosliligiga baho berish, asosli deb topganida tegishli qarorni chiqarish huquqini berish taklif etiladi.
O‘ylaymizki, yuqorida bildirilgan takliflar milliy jinoiy sudni yanada modernizatsiyalashtiribgina qolmay, uni to‘laqonli ravishda odil sudlov – haqiqatni yuzaga chiqarish, shaxslarning buzilgan yoki cheklangan huquq va erkinliklarini tiklash maskaniga aylantirishga xizmat qiladi.
Olimjon OQILOV,
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professori,
yuridik fanlari doktori