JIDUda karera haftaligi: ish bozori va talabalar bir maydonda
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “UWED Career Week-2026” karera haftaligi boshlandi. Ushbu tadbir talabalarni ish beruvchilar bilan bevosita bog‘lash, ularni amaliy muhitga yaqinlashtirishga qaratilgani bilan e’tiborga molik.
Bu yilgi haftalik davlat idoralari, xususiy sektor, banklar va xalqaro tashkilotlarni birlashtirdi. Dasturda 40 dan ziyod yetakchi kompaniya, 20 ga yaqin davlat tashkiloti ishtirok etmoqda. Demak, yoshlar uchun nafaqat ish topish, balki kasbiy tarmoqni kengaytirish imkoni ham yaratilgan.
Anjumanning birinchi kunida “Oliy ta’lim va mehnat bozori transformatsiyasi” mavzusi muhokama qilinib, HR sohasi ekspertlari – Yuliya Yakovleva, Viktoriya Tokova, Eddi Segal, Liliya Axatova va Ra’no Hamidova mehnat bozoridagi yangi tendensiyalar va talabalar uchun dolzarb ko‘nikmalar haqida ma’lumot berdi. Munozarani prorektor Muzaffar Jalolov boshqarib bordi.
[gallery-28909]
Haftalik doirasidagi asosiy tadbir – ikki kunlik bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasining birinchi kuni xususiy va xalqaro kompaniyalarga, ikkinchi kuni davlat tashkilotlari ixtiyorida. Talabalar ish beruvchi bilan bevosita muloqot qilib, suhbatdan o‘tishi mumkin.
Shuningdek, dasturdan trening, vorkshop, “Startupers School” ochilishi, “Global Shapers Forum” simulyatsiyasi va mutaxassislar ma’ruzalari ham o‘rin olgan. Karera haftaligi yoshlar uchun nazariy bilimni amaliyotga tatbiq etish, salohiyatni namoyon qilish va kasbiy yo‘lni belgilashga ko‘maklashadi.
Musulmon Ziyo,
Oybek pardayev (surat)
O‘zA