JIDU va Ombudsman hamkorligi mustahkamlanmoqda
Bugun Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, universitet professor-oʻqituvchilari hamda Ombudsman instituti xodimlari ishtirok etdi.

Tomonlar uchrashuv davomida taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlash, yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida sheriklik oʻrnatish, nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, talabalarda amaliy koʻnikmani shakllantirish, yoshlarni Inson huquqlari boʻyicha vakil faoliyatiga keng jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

S.Safoyev taʼlim jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlariga Ombudsman Kotibiyati mutaxassislarini taklif etish, sohaga taalluqli mavzularda talabalar uchun mahorat darslarini tashkil etish, maʼruzalar uyushtirish gʻoyasini ilgari surdi.
Ombudsman Feruza Eshmatova 10-dekabr – Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan universitet talabalari bilan ochiq muloqot oʻtkazishni taklif qildi.
Shuningdek, samarali hamkorlikning debochasi sifatida “Ombudsman klubi”ni ochishga kelishib olindi. Ombudsman mutaxassislariga biriktirgan holda, klub aʼzolari murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalarida oʻtkaziladigan monitoringlarni kuzatish ishlariga jalb etiladigan boʻldi.
“Xalqaro huquq” fakulteti talabalari “Ombudsman klubi” tuzilayotganidan mamnunliklarini izhor etib, sohaga doir oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
O‘zA