Jeynovdan chiqqan “Yil o‘qituvchisi”
O‘qituvchilikni kasb emas, hayot maqsadi deb bilgan insonning mehnati, avvalo, uning shogirdlari yutug‘ida namoyon bo‘ladi. Bugun Mirishkor tumanidagi 20-maktab tarix fani o‘qituvchisi Akmal Safarovning nomi ana shunday natijalar bilan tilga olinmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan pedagoglar o‘rtasida ilk bor tashkil etilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining yakuniy natijalariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatidan 16 nafar pedagog birinchi o‘rinni egallab, g‘oliblar safidan joy oldi. Ular orasida Akmal Safarov ham bor. Ushbu g‘oliblik unga 616 million so‘m miqdoridagi mukofotni taqdim etdi.
Bu natijaga yillar davomidagi izlanish, ustozlar sabog‘i, o‘quvchilar bilan ishlash va o‘z ustida muntazam qilingan mehnat sabab erishildi.
Akmal Safarov dastlab Qarshi pedagogika kollejida tahsil olgan. Keyin Qarshi davlat universitetining tarix fakultetida bakalavr darajasini egallagan. 2020-yilda Mirishkor tumanidagi 20-maktabda ish boshlagan va shu bilan birga magistraturada tahsil olgan.
Uning o‘qituvchilik faoliyati esa ancha kamtarona boshlangan. Ilk ish boshlagan paytda bor-yo‘g‘i 10 soat dars yuklamasi bilan 828 ming so‘m maosh olgan. O‘sha paytlarda unga “boshqa kasbni tanla, erkak kishisan, ro‘zg‘or tebratish kerak”, degan maslahatlar ham bo‘lgan. Ammo, u ta’lim tizimida ishlash maqsadidan qaytmadi. Bunda onasining nasihatlari ham muhim o‘rin tutgan.
[gallery-31667]
– Onam har kuni: “Yaratganning o‘zi beradi, faqat sabr qilish kerak”, deb ko‘p takrorlardilar. Bundan tashqari, o‘quvchilarni yaxshi ko‘rib qoldim, to‘g‘rirog‘i, ishimga mehrim tushdi. Birinchi kelgan kunimdan boshlab shu yerning qozonida qaynadim, deb o‘ylayman, – deydi u.
Tarix fani o‘quvchidan nafaqat xotira, balki voqealar o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglashni ham talab qiladi. Akmal Safarov dars jarayonida ana shu jihatga alohida e’tibor qaratadi. U sanalar va raqamlarni oddiy yodlatishdan ko‘ra, ularni turli obrazlar orqali tushuntirishga harakat qiladi. Ayrim mavzularni sahna ko‘rinishlari va spektakllar shaklida tashkil etib, imkon qadar barcha o‘quvchilarni jarayonga jalb etadi.
Bu usulning samarasi o‘quvchilar natijasida ham ko‘rinadi. 2023-yildan boshlab o‘quvchilar uchun milliy sertifikatlar joriy etilganidan buyon Akmal Safarov tayyorlagan qariyb 500 nafar o‘quvchi sertifikatga ega bo‘lgan. Faqat o‘tgan yilning o‘zida uning 146 nafardan ortiq o‘quvchisi sertifikat olgan. O‘qituvchining o‘zi ham bu natijalarni izlanishning tabiiy samarasi deb hisoblaydi.
Tanlovdagi g‘oliblikdan oldin ham uning kasbiy yutuqlari salmoqli edi. U malaka toifalarini olgan, joriy yil bahorida 70 foizlik ustamaga ega bo‘lgan. Attestatsiya jarayonida 100 balldan 98 ball to‘plagan. Milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan va vazir ustamasini ham qo‘lga kiritgan. Bugun uning oylik daromadi barcha ustama va to‘lovlar hisobidan ming dollardan oshadi.
20-maktab Mirishkor tumani Jeynov shaharchasining Avvona mahallasida joylashgan. Bugun bu yerda 787 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. 52 nafar o‘qituvchining 70 foizi oliy va birinchi toifaga ega.
Maktabda Akmal Safarov singari o‘z ustida ishlayotgan, yuqori natijalarga erishayotgan pedagoglar ko‘p. Ayni paytda bu yerda 15 nafar o‘qituvchi qariyb 1000 dollar atrofida oylik maosh olmoqda.
Maktabda uzoq yillar ishlagan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Niyozmuhammad Panjiyev ta’lim sohasidagi bugungi o‘zgarishlarni kechagi holat bilan qiyoslaydi.
– Maktabga ilk bor o‘qishni bitirib kelganimda, o‘qituvchilar ta’lim-tarbiyadan ko‘ra tirikchilik tashvishlari haqida ko‘proq gaplashardi. Chunki o‘qituvchining oylik maoshi bilan ro‘zg‘orini tebratishi qiyin edi. 2017-yilgacha bo‘lgan faoliyatimning yarmi dalada kechgan. Paxta terdik, yagana qildik, obodonlashtirish ishlarida qatnashdik. Eng yomoni, yaxshi dars bergan ham, bermagan ham bir xil maosh olardi. Erkak o‘qituvchilar deyarli qolmagan davrlar ham bo‘lgan. Bir paytlar maktabimiz tashqarisida 5-6 ta velosiped turardi. Hozir 20 ga yaqin zamonaviy mashina turibdi. Bu ham o‘qituvchiga berilgan imkoniyatlarning natijasi. Pedagogik faoliyatimni boshlaganimga 40 yildan oshdi. Bugun esa ta’limga e’tibor natijasini ko‘rib turibmiz. Hali ish boshlaganiga 10 yil ham bo‘lmagan yosh o‘qituvchi tanlovlarda g‘olib bo‘lib, yarim milliard so‘mdan ortiq mukofot olyapti, – deydi Niyozmuhammad Panjiyev.
Akmal Safarovning yutug‘i shu ma’noda nafaqat bir o‘qituvchining shaxsiy muvaffaqiyati. Uning ortida ustozlar sabog‘i, maktabdagi muhit, o‘quvchilarning intilishi va kasbga sadoqati mujassam.
828 ming so‘mlik birinchi maosh bilan boshlangan yo‘l bugun 616 million so‘mlik mukofotga olib keldi. Ammo, ustoz uchun eng katta mukofot, ehtimol, bugun uning darslarida o‘tirgan va ertaga o‘z yo‘lini topadigan yuzlab shogirdlarining yutug‘idir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari