Jeparov “Metallurg” uchun Ronalduga aylanadimi
Xabar berganimizdek, bugun poytaxtimizdagi sobiq “Bunyodkor” (hozirgi “Milliy”) stadionida “Metallurg” jamoasi futbolchilarini tanishtirish marosimi boʻlib oʻtdi.
yoxud bekobodliklarning joriy yilgi maqsadi qanday?
Xabar berganimizdek, bugun poytaxtimizdagi sobiq “Bunyodkor” (hozirgi “Milliy”) stadionida “Metallurg” jamoasi futbolchilarini tanishtirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Yangi mavsum oldidan bekobodliklar oʻz tarkibiga darvozabonlar Aleksandr Lobanov va Akmal Tursunboyev, himoyachilar Kamoliddin Tojiyev, Shavkat Mullajonov, yarim himoyachilar Server Jeparov, Muzaffar Muzaffarov, hujumchi Doniyor Usmonov hamda rossiyalik legioner Sergey Tumasyanlarni qoʻshib olishdi.
Tadbir avvalida “Metallurg”ning yangi futbolchilariga klub liboslari topshirildi. Unga koʻra darvozabon Aleksandr Lobanov 2019 yilgi mavsumda 12-raqamda harakat qiladigan boʻldi. Shuningdek, yosh va umidli darvozabon Akmal Tursunboyevga 35-raqamli libos berildi. Qolgan futbolchilar superliga bahslarini quyidagi raqamlarda oʻtkazishadi:
Shavkat Mullajonov – 18, Kamoliddin Tojiyev – 21, Muzaffar Muzaffarov – 17, Server Jeparov – 8, Doniyor Usmonov – 19 va nihoyat rossiyalik legioner Sergey Tumasyan – 70.
Tanishtiruv marosimi yakunlangach “Metallurg” klubi bosh murabbiyi Andrey Shipilov jamoasi mavsumga qanday tayyorgarlik koʻrgani va joriy yildagi maqsadlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
- Jamoamiz yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonini 24 dekabrdan boshlagandi. Soʻnggi uch kunni hisobga olmasak, barcha rejalarimiz amalga oshdi. Toshkentda qor yoqqani uchun mashgʻulotlarni davom ettirish qiyin kechmoqda. Turkiyada oʻtkazilgan xorij yigʻini ham jamoa uchun foydali boʻldi. Yangi mavsum boshlanishini sabrsizlik bilan kutayapmiz. Hozircha rahbariyat bilan uchrashganim yoʻq. Ammo klub oldiga yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritish vazifa qilib qoʻyilishiga ishonaman.
Seleksiya ishlaridan koʻnglim toʻldi. Biz avvalo jamoa oʻzagini aniqlab olish, soʻngra mashgʻulotlarni boshlashni koʻzlagan edik. Shu maqsadda 5 yanvarga qadar jamoaning 90 foizini aniqlab oldik.
Internet saytlarida “Paxtakor” klubi aʼzosi Bahrom Abdurahimovning jamoamizga qoʻshilgani haqida xabarlar chiqib ketdi. Ammo bu masala hali ochiq turibdi. Shuni aytishim mumkin, u hozircha bizning jamoada emas.
Mening falsafam shunday: jamoamdagi futbolchilarning barchasida ambitsiya boʻlishi shart, xoh u yosh, xoh tajribali futbolchi boʻlsin. Shu maʼnoda tarkibga jalb etilgan barcha futbolchilarni shaxsan taniyman va ularning imkoniyatlarini yaxshi bilaman.
Yangi mavsumda jamoamiz sardori Akbar Ismatullayev boʻladi. U oʻtgan yili ham jamoa sardori edi. Toʻgʻri, hozirgi tarkibimizda tajribali oʻyinchilar koʻp, ammo men shunday qarorga keldim. Agar Ismatullayev maydonda boʻlmasa, bu vazifani shu davrada oʻtirgan istalgan futbolchi, deylik Lobanov ham bajarishi mumkin.
Tarkibda yoshi katta oʻyinchilar koʻpligiga kelsak, yoshlar ham kimdandir oʻrganishi kerak, shunday emasmi? Jamoamizdagi yoshlar ham Jeparov, Tojiyev, Mullajonov singari boy tajribaga ega futbolchilar bilan yonma-yon oʻynab oʻsishadi. Yangi mavsumda kamida oʻtgan yilgi natijani takrorlash yoki undan yuqoriroq oʻrinni egallashga harakat qilamiz.
- Server Jeparovning Bekobodga kelishi jamoa brendini qanchalik oshiradi?
- Jeparov singari futbolchining “Metallurg”ga kelishi oʻz maydonimizdagi oʻyinlarga tashrif buyuradigan muxlislarning ortishiga xizmat qiladi, deb oʻylayman. Yosh avlod Jeparovni juda yaxshi taniydi, uning oʻyinlarini koʻrishni istaydi. Bekobod xalqi mehnatkash, ular stadionga kelib xordiq olishlari uchun astoydil harakat qilamiz.
“Metallurg” ham asta-sekin rivojlanmoqda. Hech narsa bir-ikki yil ichida qurilmaydi. Masalan, yoshlar jamoamiz 4ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazdi. Raqiblarimiz Tojikiston va Qozogʻiston jamoalari boʻlishdi. Demak, ular xalqaro tajriba toʻplashdi. Endi menga ayting, qaysi jamoa yoshlari xorij klubi bilan uchrashuvlarda maydonga tushishdi?
- Sizningcha 2019 yilda Superliga favoritlari va kashfiyotlari qaysi jamoalar boʻladi?
- Favoritlar ikkita – bu amaldagi chempion “Lokomotiv” va vitse-chempion “Paxtakor”. Kuchli uchlikka menimcha AGMK klubi qoʻshilsa kerak. Mirjalol Qosimov boy tajribaga ega va olmaliqliklarni yuqori oʻrinlar uchun yetaklay oladi. “Navbahor”ning ustun jihati – uning sadoqatli muxlislari. Namanganda stadion hamisha toʻlib turadi va bunday muhitda oʻynash ajoyib. Autsayderlarni esa aytishni istamayman. Agar u yoki bu jamoa nomini tilga olsam, ular keyinchalik bizga qarshi kuchli ishtiyoq bilan maydonga tushib, jamoamizga muammo tugʻdirishi mumkin.