JCh-2026'da diqqat markazida bo‘ladigan 10 nafar yulduz
Dunyo birinchiligi joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
Har to‘rt yilda bir marotaba o‘tkaziladigan jahon chempionati sayyoramizning eng kuchli futbolchilarini bir joyga jamlaydi. Ushbu turnirni odatda sportga qiziqmaydigan insonlar ham kuzatib borishadi. Quyida muxlislar va ekspertlar katta umid bog‘layotgan 10 nafar yetakchi futbolchi haqida so‘z yuritamiz. Dunyo birinchiligi joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
Argentina
Lionel Messi Qatardagi JCh-2022 Argentina uchun zafarli yakunlangan edi. O‘zining faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionatiga Messi ortiqcha ruhiy bosimsiz yo‘l olmoqda: undan doim yirik g‘alabalar va mo‘jizalar kutishsa-da, turnirdagi har qanday natija 38 yoshli o‘yinchining futboldagi merosiga soya sola olmaydi. Endilikda u bor e’tiborini sardorlik vazifasiga hamda argentinalik hujumchilarning yangi avlodiga ustozlik qilishga qaratishi mumkin.
Portugaliya
Krishtianu Ronaldu Messi kabi Ronaldu ham o‘z faoliyatidagi oltinchi jahon chempionatiga yo‘l olmoqda. Portugaliya terma jamoasi tarkibida yosh va iqtidorli futbolchilar yig‘ilgan, shu sababli jamoada g‘alaba uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Ko‘p narsa 41 yoshli hujumchining jamoaviy taktikaga qay darajada moslashishiga va murabbiy qarorlarini hurmat qilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ispaniya
Lamin Yamal "Barselona" klubining yosh yulduzi mavsum yakunida olgan jarohatidan so‘ng tiklanish jarayonini o‘tamoqda. Uning guruh bosqichi o‘yinlariga qay darajada tayyor bo‘lishi hozircha so‘roq ostida, biroq Yamal o‘zining eng yaxshi formasida bo‘lsa, terma jamoaning asosiy kreativi va driblyoriga aylanadi. Yevro-2024 g‘olibligidan so‘ng, Ispaniya ushbu yosh futbolchi bilan turnirning bosh favoritlaridan biri bo‘lib turibdi.
Angliya
Harri Keyn Hujumchi klub miqyosida ajoyib mavsumni o‘tkazdi: "Bavariya" bilan ikkita sovrin yutdi va barcha turnirlarda jami 61 ta gol urishga erishdi. Uning barqarorligi va imkoniyatlardan unumli foydalanish qobiliyati uni dunyoning eng xavfli forvardlaridan biriga aylantirdi. Angliyalik muxlislar Keyn ushbu sport formasini terma jamoada ham saqlab qolishini va mamlakatga 60 yildan keyin yana jahon chempionligini taqdim etishini kutishmoqda.
Fransiya
Kilian Mbappe Kilian Mbappe ketma-ket ikkinchi mavsumdirki "Real Madrid" tarkibida ko‘plab gollar urmoqda, biroq klub bilan yirik sovrinlarni qo‘lga kirita olmadi. Hujumchi jahon chempionatida ushbu noxush seriyaga chek qo‘yishi mumkin — Fransiya turnirga an’anaviy tarzda favorit maqomida tashrif buyurmoqda. Mbappedan nafaqat gollar, balki yetakchilik xislatlari ham kutilmoqda, chunki u jahon chempionatida ilk bor terma jamoa sardori sifatida maydonga tushadi.
Norvegiya
Erling Holand Norvegiya terma jamoasi XXI asrda ilk marotaba jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va saralash bosqichidagi barcha sakkizta uchrashuvda g‘alaba qozondi. Bu muvaffaqiyatda Holandning o‘rni katta bo‘ldi — u ham klub, ham terma jamoa uchun birdek sermaxsul o‘yin namoyish etmoqda. Uni ko‘pincha muhim bahslarda ko‘rinmay qolishda ayblashadi, shu sababli mazkur turnir u uchun dunyoning eng yaxshi to‘purarlaridan biri ekanini isbotlash uchun qulay imkoniyatdir.
Fransiya
Usmon Dembele Dembele so‘nggi to‘rt yil ichida o‘z faoliyatida katta o‘sishga erishdi: "Barselona"da o‘z formasini tiklab oldi, keyinchalik PSJ yetakchilaridan biriga aylandi va "Oltin to‘p — 2025" mukofotini qo‘lga kiritdi. Jarohatlar tufayli u 2025/26-yilgi mavsumda barcha o‘yinlarda qatnasha olmagan bo‘lsa-da, hal qiluvchi bahslarda Parij klubiga g‘alabalar keltirdi. Terma jamoada Dembele ko‘pincha Mbappening soyasida qolib ketadi — bu safar voqealar rivoji qanday bo‘lishi ko‘pchilik uchun qiziq.
Braziliya
Vinisius Junior Vinisius doim maydon tashqarisidagi muhokamalar markazida bo‘lib kelgan, ammo 2025/26-yilgi mavsumda bu holat futboldan ham ustunlik qilib ketdi. Murabbiy Xabi Alonso bilan kelishmovchilik, shaxsiy hayotidagi o‘zgarishlarning omma oldiga olib chiqilishi va "Benfika"ga qarshi o‘yindagi irqchilik bilan bog‘liq mojaro — yirik sovrinlar yo‘qligida aynan mana shu voqealar birinchi planga chiqdi. Hozirda Vinisiusga muvaffaqiyatli jahon chempionati juda zarur. Braziliya ustozi Karlo Anchelotti bilan "Real" davridan qolgan yaxshi munosabatlar unga bu borada yordam berishi mumkin.
Portugaliya
Brunu Fernandesh Fernandesh so‘nggi yillarda "Manchester Yunayted"ning eng barqaror o‘yinchilaridan biri bo‘lib keldi, murabbiy Maykl Kerrik qo‘l ostida esa uning o‘yini yanada yorqinroq tus oldi. Portugaliyalik pleymeyker Angliya Premyer-ligasida golli uzatmalar bo‘yicha rekord o‘rnatdi va mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Jahon chempionatida u turnirning asosiy kreativ o‘yinchisiga aylanishi uchun barcha hislatlarga ega.
Braziliya
Neymar JCh-2022 dan so‘ng Neymarning faoliyati biroz e’tibordan chetda qoldi: u avvaliga Saudiya Arabistonida, so‘ngra o‘z vatanida — "Santos" klubida to‘p tepdi. 34 yoshli hujumchining terma jamoaga chaqirilishi borasida shubhalar mavjud edi, buni futbolchining o‘zi ham YouTube-kanalida ta’kidlab o‘tgan. Yakunda bosh murabbiy Karlo Anchelotti unga imkoniyat berishga qaror qildi. Ayrim ekspertlar buni maydondagi harakatlardan ko‘ra, ko‘proq kiyinish xonasidagi muhitni ushlab turish uchun qilingan qaror deb hisoblamoqda. Endilikda Neymar maydonda ushbu fikrlarning noto‘g‘ri ekanini isbotlashi lozim.