JCH-2026: Yaponiya Tunis darvozasiga javobsiz 4 ta gol kiritdi
Tunis terma jamoasi turnirda ketma-ket ikkinchi bor yirik hisobdagi magʻlubiyatni qabul qilib oldi.
Yaponiya milliy terma jamoasi Jahon chempionati — 2026 guruh bosqichi 2-turi doirasidagi uchrashuvda Tunis terma jamoasi ustidan 4:0 hisobidagi yirik gʻalabani qoʻlga kiritdi.
Yaponiyaliklar safida Ayase Ueda dubl qayd etdi (31 va 83-daqiqalar). Shuningdek, Daichi Kamada (4-daqiqa) va Jyunya Ito (69-daqiqa) ham oʻz hisoblariga bittadan gol yozdirib qoʻyishdi.
Tunis terma jamoasi turnirda ketma-ket ikkinchi bor yirik hisobdagi magʻlubiyatni qabul qilib oldi. Guruhning 1-turida afrikaliklar Shvetsiyaga imkoniyatni boy berishgan edi (1:5). Ushbu omadsizlikdan soʻng jamoa bosh murabbiyi Sabri Lyamushi isteʼfoga chiqarilib, uning oʻrniga Erve Renar tayinlangan edi.
Ushbu gʻalabadan keyin Yaponiya 4 ochko bilan "F" guruhida ikkinchi oʻringa koʻtarilib oldi. Biror ochko jamgʻara olmagan Tunis terma jamoasi esa guruhda soʻnggi oʻrinni egallab turibdi va pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatidan muddatidan oldin mahrum boʻldi.
Guruh bosqichining soʻnggi turida, 26-iyun kuni Yaponiya terma jamoasi Shvetsiyaga qarshi maydonga tushsa, Tunis xuddi shu kuni Niderlandiya bilan kuch sinashadi.