JCH–2026: Kongo O‘zbekiston termasiga raqib bo‘ldi
Joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika davlatlarida futbol bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Ushbu mundialning guruh bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga raqiblik qiladigan so‘nggi jamoa nomi ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, qit’alararo o‘tish bahsi doirasida Kongo Demokratik Respublikasi hamda Yamayka terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Mazkur uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Qo‘shimcha bo‘limlarda esa Kongo Demokratik Respublikasi futbolchisi Aksel Tuanzebe 101-daqiqada gol urib, jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi — 1:0.

Shu tariqa, Kongo Demokratik Respublikasi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, “K” guruhidan joy oldi.
Endi ushbu guruhda quyidagi jamoalar o‘zaro raqobat olib boradi:
— Portugaliya
— O‘zbekiston
— Kolumbiya
— Kongo Demokratik Respublikasi

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston hamda Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari o‘rtasidagi guruh bosqichining 3-tur uchrashuvi 28-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da start oladi. Ushbu bahs AQSHning Atlanta shahrida joylashgan “Mersedes-Bens” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA