JCH-2026: Germaniya musobaqa debyutantini ayab o‘tirmadi
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Xyuston shahrida joylashgan mashhur “NRG” stadionida futbol bo‘yicha davom etayotgan Jahon chempionatining “E” guruhidan o‘rin olgan Germaniya va Kyurasao terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tdi.
Mazkur o‘yinda germaniyalik futbolchilar 7:1 hisobida g‘alaba qozondi va 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdagi gollarga Germaniya safida Nmecha, Niko Shlotterbek, Kay Xaverts (dubl), Musiala, Nataniel Braun va Deniz Undav mualliflik qildi. Kyurasaoning tarixiy golini Lokadiya urdi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Kyurasao terma jamoasiga qarshi uchrashuv paytida Manuel Noyer 40 yosh-u 79 kunlik bo‘lgani bois Germaniya terma jamoasi tarixidagi eng yoshi katta futbolchiga aylandi.
Bungacha nemis jamoasi safida yirik turnirlarda maydonga tushgan eng yoshi katta futbolchi Lotar Matteus hisoblanardi. Matteus Yevro-2000 doirasidagi Portugaliyaga qarshi bahsda 39 yosh-u 91 kunlik bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida “E” guruhidagi Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalari bahsi mamlakatimiz vaqti bilan 15-iyun kuni tongi soat 04:00 da start oladi.
Darvoqe, 15-iyun kuni mundialning “F” va “H” guruhlaridagi birinchi tur uchrashuvlariga ham start beriladi.
Jumladan, yurtimiz vaqti bilan soat 01:00 da Yaponiya – Niderlandiya, 07:00 da esa Shvetsiya – Tunis terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘limiz.
Kunning so‘nggi o‘yini soat 22:00 da Ispaniya hamda Kabo-Verde termalari bahsi bilan yakunlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA