Jazoni ijro etish sohasi xodimlari malaka oshirdi
Toshkentda 26 noyabr kuni “Jazoni ijro etish tizimi faoliyati: xalqaro standartlar hamda xorijiy va milliy tajriba” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Ichki ishlar vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari rahbarlari va Ombudsman kotibiyati xodimlari uchun tashkil etildi.
Anjumanda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi, BMT Demokratiya jamg‘armasi va Xalqaro qamoqxonalar islohoti (PRI) xalqaro nodavlat tashkiloti vakillari onlayn tarzda ishtirok etdi.
Seminarda jazoni ijro etish muassasalari rahbarlari va xodimlari faoliyatiga oid xalqaro standartlar, sohadagi ilg‘or xorijiy tajriba haqida, bunday muassasalarda menejment va servis dasturlari tashkil etish yuzasidan ma’lumot berildi.
Muloqot ishtirokchilariga jazoni ijro etish tizimida ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala va jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazo o‘tayotgan mahkumlarga ilk bor saylov huquqi berilishi, mahkumlarning ish haqidan ijtimoiy sug‘urta ajratilmasligi, pensiya ta’minotiga ega bo‘lishi belgilanishi, mahkumlar uchun telefon so‘zlashuvi, yo‘qlov va uchrashuvlar soni qariyb ikki baravar ko‘paytirilishi, qolaversa, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar uchun umumiy ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingani mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz berganidan dalolat.
Seminar qatnashchilari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, jazoni ijro etish muassasalariga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot oldi.
Joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida Ombudsman huzuridagi Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi ekspert guruhi tomonidan tergov hibsxonalari, ozodlikdan mahrum etish joylari va shaxslar turgan, o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa manzillarda jami 68 marta monitoring o‘tkazildi. Tergov hibsxonasi va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi 3700 dan ziyod shaxs bilan jamoaviy uchrashuv tashkil etildi, 534 kishi bilan yakka tartibda suhbatlashildi.
E’tiborga molik jihati, monitoring guruhi tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati instituti vakillari ham qatnashmoqda.
O‘quv seminari davomida mutaxassis va ekspertlar ishtirokchilarning bilimlarini amaliyotda qo‘llash bilan bog‘liq, shuningdek, sohaga taalluqli boshqa savollariga javob qaytardi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA