Jazirama va salomatlik
Ayni kunlarda yurtimizda kuzatilayotgan jazirama issiq nafaqat infratuzilma, balki inson salomatligi uchun ham jiddiy sinovdir. Yer usti metro poyezdlari harakati tezligining cheklanishi, avtomobil yo‘llarida yuk mashinalari harakatiga qo‘yilgan cheklovlar ayniqsa, salomatlikka e’tiborli bo‘lish kerakligidan dalolat beradi.
Bunday ekstremal ob-havo sharoitida organizm o‘zini sovitish uchun qo‘shimcha resurslarni ishga soladi. Agar profilaktika choralariga yetarlicha e’tibor berilmasa, bu holat issiq urishi, suvsizlanish va surunkali kasalliklarning keskin xurujiga olib kelishi mumkin.
Issiq havoning organizmga ta’siri shundayki, yuqori harorat sharoitida qon tomirlari kengayadi, yurak-qon tomir tizimiga yuklama ortadi. Terlash orqali organizm suyuqlik va muhim tuzlarni (elektrolitlarni) yo‘qotadi. Bu jarayon o‘z vaqtida muvozanatlanmasa, qon quyuqlashishi, qon bosimining keskin o‘zgarishi va hushdan ketish holatlari yuz berishi mumkin. Ayniqsa, 65 yoshdan oshgan keksa insonlar, chaqaloqlar va yosh bolalar, homilador ayollar, yurak-qon tomir, qandli diabet, nafas yo‘llari va buyrak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar, ochiq havoda mehnat qiluvchilar uchun juda xavfli.

Shu bois, shifokorlar salomatlikni asrash uchun bir qator kerakli tavsiyalarni bermoqda.
– Yozning eng issiq davri – «chilla»da oftob urishidan saqlanish juda muhim. Chunki quyosh urishi – xavfli bo‘lib, u tashqi termal omillar ta’sirida organizmning umumiy qizib ketishi va haroratni me’yorda ushlab turish qobiliyatini yo‘qotishi natijasida yuzaga keladi, – deydi Milliy tibbiyot markazi shifokori Shohrux Ziyovuddinov. – Kuniga 2-3 litr atrofida suyuqlik: suv, ayron, shakarsiz kompot, limonli suv, yalpizli choy ichish, shuningdek, tarkibida suv miqdori yuqori bo‘lgan tarvuz, qovun, bodring kabi meva-sabzavotlar iste’mol qilish kerak. Energetik ichimliklar, spirtli ichimliklar, ko‘p miqdordagi kofe va juda shirin gazli ichimliklar organizmda suvsizlanishni tezlashtiradi. Ultrabinafsha nurlanish indeksi yuqori darajalarga yetganda, soat 11:00 dan 17:00 gacha ochiq quyosh ostida yurishni maksimal darajada cheklash lozim. Tashqariga chiqish zarurati tug‘ilganda albatta, keng qirrali bosh kiyim kiyish, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish, ochiq rangli, tabiiy matodan tikilgan yengil kiyimlarni tanlash, terini quyoshdan himoyalovchi SPF kremlardan foydalanish kerak.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, issiq urishining oldini olish uchun kuniga 3 litr miqdorda suyuqlik (sovitilgan ko‘k choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yog‘li sutli ichimliklar) ichish lozim. To‘g‘ri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanish, undan himoyalovchi kremlar, ko‘zoynaklar hamda soyabonlardan foydalanish kerak.

Tez-tez dush qabul qilish tananing nafas olish tizimini yaxshilaydi. Suv xona haroratida bo‘lishi kerak. Suvni kuchli sovitish oqibatida haroratning keskin o‘zgarishi zotiljam kasalligiga yo‘l ochib beradi.
Bunday issiqda konditsionersiz qiyin, albatta. Ammo konditsioner bor xonada uning ro‘parasiga o‘tirish taqiqlanadi. Sababi, konditsionerning ishlashi jarayonida bakteriyalar sovuq havo bilan birga xonada haydalib, surunkali bronxit va pnevmoniyani qo‘zg‘atishi mumkin.
– Ko‘chaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matodan tikilgan yengil liboslar va issiqdan saqlaydigan bosh kiyim kiyish zarur, – deydi endokrinolog, preventiv shifokor Bekzod Odilov. – Shuningdek, yog‘li, qovurilgan taomlardan tiyilish va meva-sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Taom albatta, tuzli bo‘lishi darkor. Chunki havo harorati yuqori bo‘lganda odam organizmidan ko‘p miqdorda natriy chiqib ketadi. Eng asosiy eslatma shuki, kunduzi soat 10:00 va 16:00 oralig‘ida quyosh nuri tushadigan ochiq joylarda yurmaslik lozim. Havo harorati yuqori bo‘lganda og‘ir jismoniy ishlarni cheklash va ko‘proq yopiq joylarda bo‘lish maqsadga muvofiq. Yosh bolalar, keksa kishilar va surunkali xastaliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish a’zolari, metabolik va ruhiy xastaliklar) bilan og‘riydigan bemorlar issiqlik urishiga ko‘proq moyil. Shu sababli ular salomatligini muntazam kuzatib borish muhim.

Ushbu tavsiyalarga amal qilish salomatligimizni asrashga va eng muhimi, yoz faslining yorqin taassurotlarga boy o‘tishiga xizmat qiladi.
Buni qarangki, jazirama sharoitida mehnat faoliyatini tashkil etishda ish beruvchilar uchun ham majburiyatlar bor ekan. Xususan, eng issiq soatlarda og‘ir jismoniy ishlarni cheklash, xodimlarni salqin joy va ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda tibbiy holatni nazorat qilish talab etiladi.
Darhaqiqat, insonning hayoti va sog‘lig‘i har narsadan ustun turadi. Shunday ekan, agar tana harorati 40°C dan yuqori ko‘tarilsa, hushning buzilishi, gapira olmaslik, tutqanoq, terining qizarishi va quruqlashishi, nafas olishning qiyinlashishi kabi alomatlar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur.
Mohigul Qosimova, O‘zA