Yevropa shaharlarida harorat eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Mutaxassislar yoz davomida bunday holat yana kuzatilishini aytib, ehtiyot chorasini ko‘rishga chaqirmoqda. O‘tgan hafta Londonda eng issiq kunlardan biri sifatida 36 daraja qayd etildi. Namlik yuqori mintaqalar uchun bu raqam o‘ta xavfli hisoblanadi. London bog‘laridagi daraxtlarning odatda yam-yashil turadigan barglari jigarrang tusga kirgan. Issiq to‘lqin Luton aeroportidagi uchish-qo‘nish yo‘lagini eritib yubordi. Bu hafta yanada issiq kelishi kutilyapti: ba’zi joylarda havo 41 darajagacha qizishi bashorat qilinmoqda. Ayni ko‘rsatkich Buyuk Britaniya uchun favqulodda holat hisoblanadi. Mutaxassislar aholini ehtiyot bo‘lish, mutasaddi tashkilotlarni shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirmoqda.
– Vaziyatga qanday moslashish haqida jiddiy o‘ylashimiz kerak, chunki endi bunday holat tez-tez sodir bo‘ladi, – deydi Kembrij universiteti Iqlim tadqiqoti markazi direktori Annela Anger-Kraavi. – Ko‘rib turganimizdek, ketma-ket besh kun oxirgi o‘n yillikdagi eng yuqori harorat kuzatildi. Endi bunday hodisalar yanada ko‘proq ro‘y berishi ehtimoli yuqori. Bunga moslashshishimiz kerak,
Fransiya shimolidagi ko‘chalar bo‘m-bo‘sh. Harorat eng yuqori darajaga ko‘tarilgan. Kuchli jazirama ko‘pchilikni uyda qolishga majbur qilgan. Tashqariga chiqishga jur’at etganlar esa turli yo‘llar bilan o‘zlarini salqinlashtirishga harakat qilmoqda.
– Bu global isish natijasi, – deydi mahalliy aholi vakili. – Odatda shahar namligi 70 foiz. Iqlim o‘zgarishi sababini aniqlash uchun o‘zimizga ham jiddiy savollar berib ko‘rishimiz kerak.
Mutaxassislar fikricha, Yevropaning salmoqli qismini qamrab olgan jazirama issiq havo to‘lqini yana bir necha kun saqlanib qolishi mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/nGih_M6r374?si=KsHRyW24Q32vnvpC" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA