Jazirama issiq Germaniyadagi muammolarni ochib berdi (+video)
Germaniyada jazirama issiq biroz pasayishni boshlagan bo‘lsa-da, uning oqibatlari hanuz sezilmoqda, deb xabar berdi Evronews
Issiq tufayli ayrim yo‘llardagi asfalt erib ketdi, transport harakatida uzilishlar kuzatildi, shifokorlar esa mamlakat ekstremal issiqlikka yetarlicha tayyor emasligini aytishmoqda.
28-iyun kuni Germaniyada havo harorati ketma-ket uchinchi kun rekord darajaga yetdi. Brandenburgda termometr +41,7 darajani ko‘rsatdi. Shuningdek, mamlakatda «tropik tunlar» ham kuzatildi, ya’ni tungi harorat 20 darajadan pastga tushmadi.
Jazirama issiq ayrim avtomagistrallarga zarar yetkazdi. Leypsig shahrida esa tramvay yo‘llari ustidagi asfalt erib, ayrim yo‘nalishlar vaqtincha yopildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 21-iyundan buyon Yevropa bo‘ylab issiqlik bilan bog‘liq 1300 dan ortiq o‘lim holati qayd etilgan.
Germaniya Tibbiyot assotsiatsiyasi shifoxonalar, qariyalar uylari va tibbiyot muassasalarini ekstremal issiqlikka yaxshiroq tayyorlash zarurligini bildirdi. Mutaxassislar fikricha, mamlakatdagi shifoxonalarning faqat uchdan bir qismida bemorlar palatalari konditsionerlar bilan jihozlangan.
Olimlar Yevropadagi hozirgi issiqlik to‘lqinini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. Ularning ta’kidlashicha, issiqlik to‘lqinlari tez-tez takrorlanmoqda va harorat rekordlari deyarli har yili yangilanmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hxhvcqEvSjU" title="Jazirama issiq Germaniyadagi muammolarni ochib berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov (video), O‘zA