"Javohirnoma" asarining taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yozuvchi Obiddin Mahmudovning “Javohirnoma” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo milliy adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor zamirida badiiy barkamol asarlar yaratishdek ezgu maqsad mujassam ekanini ta’kidladi.
Taqdimot tadbiri avvalida asarning kirish qismidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
Obiddin Mahmudovning "Javohirnoma" asari yetti risoladan iborat bo‘lib, u Sayohatnoma, Nafosatnoma, Ibratnoma, Tilsimnoma, Ma’rifatnoma, Kamolotnoma, Latofatnoma kabi qismlarni o‘z ichiga oladi.
Tadbirda yetti risolaning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratildi.
Shayx Abdulaziz Mansur, uyushma a’zosi Sayfiddin Sayfulloh va boshqalar mazkur asar mazmuni haqida batafsil so‘zladi.
– Kitobda muallif hayotdan hikmat izlaydi, – dedi professor Narzulla Jo‘rayev. – Undan o‘rin olgan xazina o‘quvchining tafakkur olamini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Asarda insoniyatning ma’rifiy barkamollik davrini balog‘at va fasohat qalami orqali tushuntirishga harakat qilingan.
Muallifning shaxs va jamiyat, hodisa va mohiyat, zamon va makon o‘lchovlari asosidagi teran falsafiy mushohadalari asar mazmunini boyitishga xizmat qilgan. Kitob bugungi kun kishilik jamiyati ma’naviy hayotining asl mazmuni, borliqning mohiyatini ifodalab, maktub tarzida yo‘llangan.
Taqdimot tadbirida so‘zga chiqqanlar ushbu to‘plamning yoshlar axloq-odobida, ma’naviy kamolotida katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Taqdimotda “Peshona teri bilan topilgan pul”, “Azizbekning matonatidan lavha”, “Mansab kursi”si nomli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA