Javohir Sindorov: "Jahon chempionati o‘yinlari hech kimga oson bo‘lmaydi"
AQSHning Sent-Luis shahrida “Grand Chess Tour” seriyasining navbatdagi bosqichi “Saint Louis Rapid & Blitz 2026” xalqaro turniri yakunlangandan so‘ng hamyurtimiz Javohir Sindorov joriy yilning 25-noyabr-15-dekabr kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida hindistonlik Gukesh Dommaradju bilan Jahon shaxmat toji uchun bo‘ladigan musobaqa, tayyorgarlik jarayonlarining borishi, qaysi yo‘nalishlarga e’tibor qaratayotganligi xususida jurnalistlarga so‘zlab berdi.
“Yil boshidan beri o‘tkazib kelinayotgan turnirlarda Gukesh juda yaxshi o‘yin namoyish etib kelmoqda. Biroq, fikrimcha, u yaxshi, hatto yutuqli pozitsiyaga ega bo‘lgan vaziyatda ham ba’zida muvozanatni yo‘qotib qo‘yadi. Ayrim hollarda esa qiyin, mag‘lubiyatli holatni g‘alabaga aylantira olish xislati bor. Uning partiyalarini ko‘rsangiz, haqiqatan ham juda yaxshi o‘yin amaliyotiga egaligi, vaziyatni chuqur tahlil qilishi yaqqol ko‘rinib turadi”, deya ta’kidlagan Sindorov.
Shuningdek, Javohir raqibining ushbu o‘yin uslubi haqida to‘xtalib, “men bunga unchalik e’tibor bermayman. U juda kuchli shaxmatchi ekanini bilaman. Unga qarshi ko‘plab musobaqalarda dona surganimda buni bir necha bor his qilganman. Albatta, Gukeshning eng kuchli pozitsion, chuqur tahlillarga asoslangan uslublariga qarshi o‘z o‘yin taktikamni ishlab chiqish yo‘lida tayyorlanaman. Jahon chempionati o‘yinlari hech kimga oson bo‘lmaydi. U yerdagi doimiy ruhiy bosim, musobaqalar jarayonlari ko‘plab qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy. Gukesh o‘zining eng yuqori formasida Jenevaga kelishiga ishonaman." deya fikr bildirgan.
T.Ro‘ziyev yozib oldi, O‘zA