Jasur va mard bojxonachilar yodga olindi
9-may – Xotira va qadrlash kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasida marhum bojxonachilar xotirasi yod olindi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasida marhum bojxonachilar xotirasi yod olindi. Vatan ravnaqi yoʻlida jonini fido qilgan sobiq bojxonachilarning oilasidan xabar olindi.
Oʻz yurtiga, Vataniga sodiq va fidoiy xizmat qilgan, xalqimiz tinchligi uchun jonini fido qilgan insonlarning xotirasi mangu yashaydi.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasida xizmat qilgan Amangeldi Qdirov, Timur Ordabayevlar oʻz Vatani va kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib, mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash yoʻlida oʻz jonini qurbon qilgan haqiqiy vatanparvar farzandlardir.
Qobiliyatli, mehnatsevar, halol va intizomli xodim, bojxona xizmati mayori Amangeldi Qdirov Ustyurt tekisligida kontrabanda ashyolari va tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy ravishda olib oʻtilishining oldini olish boʻyicha olib borilgan tezkor tadbirda xizmat burchini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan.
Navqiron, hali 28 yoshga ham toʻlmagan Timur Ordabayev bojxona organlarida xizmat qilgan davrida oʻzining ziyrakligi, masʼuliyatliligi hamda sinchkovligi bilan tengdosh hamkasblaridan ajralib turgan. Bojxona xizmati kapitani oʻz kasbiga, harbiy qasamyodiga boʻlgan sadoqati, Vatanimizning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash yoʻlidagi xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan.
Ona Vataniga koʻrsatgan jasoratini kelajak avlodga yetkazish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasi oldidagi xotira maydonida Amangeldi Kdirov hamda Timur Ordabayevlarning ismlari yozib qoʻyildi.
Umrining qariyb 20 yilini Bojxona tizimiga bagʻishlagan podpolkovnik Yerpolat Yusupov bojxona huquqi sohasini yaxshi bilgan salohiyatli bojxona xodimi edi. Qatʼiyatli, koʻzlagan maqsadiga erishishda matonatli hamda chuqur bilim va mustahkam irodaga ega boʻlgan insonning xotirasi u ustozlik qilib, sohaning past balandini oʻrgatgan shogirdlari qalbida mangu yashaydi.
Bojxona xizmati mayori Bayram Qalmuratov bojxona organlarida 12 yil davomida qaysi lavozimda xizmat qilmasin, oʻzining halolligi, mehnatsevarligi, oʻtkir zehnliligi, tashkiliy masalalarda faolligi hamda shogirdlariga nisbatan talabchan va qattiqqoʻlligi bilan ajralib turardi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasida axborot texnologiyalari, bojxona statistikasi, bojxona nazoratini tashkil etish hamda tashkiliy nazorat boʻlimlarining faoliyati rivojiga munosib hissa qoʻshgan bu xodim afsuski, bugun oramizda yoʻq.
Umrini Vatan ravnaqi, el tinchligi va xalq farovonligi yoʻlida safarbar etib, ona yurti oldida oʻz farzandlik burchini bajarish chogʻida shahid boʻlganlar xotirasi xalqimiz yodida mangu barhayotdir.