Jasorat va’dadan boshlanadi
Vatanga muhabbat qalbdagi tuyg‘u, sadoqat hayot mezoni, jasorat esa mas’uliyatli amallarda namoyon bo‘ladi. Ana shu ezgu fazilatlarni yosh avlod ongiga singdirish, ularni mardlik va fidoyilik ruhida kamol toptirish maqsadida Jizzax viloyatidagi 13 ta umumta’lim maktabida tashkil etilgan “Jasorat maktablari” o‘quvchilarining tantanali “Va’da berish” marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda yangragan va’dalar yosh qalblarda Vatanga sadoqat, xalq oldidagi burchni anglash, yurt tinchligi va osoyishtaligini qadrlash kabi yuksak fazilatlar qaror topayotganining ifodasi bo‘ldi. Bu jarayon shunchaki tantanali tadbir emas, balki o‘quvchilarning ma’naviy kamoloti, irodasi va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashga qaratilgan muhim tarbiyaviy qadamdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy tayyorgarligi va dastlabki harbiy bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning muhim huquqiy asosidir. Jizzax viloyatida “Jasorat maktablari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularda tarbiyaviy ishlarni tashkil etish ham mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
– “Jasorat maktablari”ning asosiy maqsadi bolalarga bilim berish bilan bir qatorda, ularda intizom, qat’iyat, jismoniy chidamlilik va Vatan oldidagi mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat. Bu yerda o‘quvchilar yoshlikdanoq o‘z oldiga maqsad qo‘yish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish, jamoa bilan hamjihat harakat qilish va berilgan va’daga sodiq qolishning ahamiyatini anglab boradilar, – deydi Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi shu’basi metodisti Husniddin Qurbonov.
Uning ta’kidlashicha, mazkur sinflarga 4-sinfni tamomlagan o‘g‘il-qizlar jismoniy hamda test sinovlari asosida qabul qilinadi. O‘tgan o‘quv yilida viloyatning har bir tumani va shahrida bittadan umumta’lim maktabi negizida “Jasorat maktabi” sinflari tashkil etilgan. Ularning har biriga 26 nafardan o‘quvchi qabul qilinib, jami 338 nafar bola mazkur ta’lim yo‘nalishida o‘qishni boshlagan. Bugun ular o‘z maktablarining 6-sinflarida tahsilni davom ettirmoqda.
[gallery-31980]
– Joriy o‘quv yilida ham viloyatimizdagi 13 ta umumta’lim maktabida “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozir ushbu sinflarda 338 nafar 5-sinf o‘quvchisi ta’lim olmoqda. Bugungi “Va’da berish” marosimi ular uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki bola o‘z zimmasiga olgan mas’uliyatni his etishi, Vatanga muhabbatni amaldagi intizom va yaxshi o‘qish bilan namoyon qilishi kerak. Biz ularning nafaqat jismonan baquvvat, balki ma’nan yetuk, bilimli va tashabbuskor insonlar bo‘lib voyaga yetishini istaymiz, – deydi Husniddin Qurbonov.
Darhaqiqat, vatanparvarlik tarbiyasi bir kunlik tadbir yoki tantanali qasamyod bilan cheklanmaydi. U har kungi ta’lim, ustozlar o‘giti, ota-ona namunasi, intizom va mas’uliyat orqali shakllanadi. Yoshlarning qalbida yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otish, ularga tinchlikning qadrini anglatish va el-yurt manfaatini shaxsiy maqsadlar bilan uyg‘unlashtirish bugungi ta’lim-tarbiyaning muhim vazifalaridan biridir.
Jizzaxdagi “Jasorat maktablari”da tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun bugungi va’da ana shu yo‘lning boshlanishidir. Ularning har biri kelajakda qaysi kasbni tanlamasin, Vatanga sadoqat, halollik, jasorat va burchga vafo kabi fazilatlar hayot yo‘lida ishonchli tayanch bo‘lib qolishi shubhasiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari