Jasorat va sadoqatga ehtirom
9-may — Xotira va qadrlash kuni
Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan insonlarning matonati, Vatan ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati va fidoyiligi hech qachon unutilmaydi. Bugungi osoyishta hayot, xalqimiz farovonligi ana shunday jasur avlod vakillarining mashaqqatli yo‘li, beqiyos qurbonliklari evaziga barpo bo‘lgani barchamizga yaxshi ma’lum.

Ayni kunda Buxoro viloyatida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan uch nafar faxriy — Hojimurod Bektoshev, Fayzulla Xodjayev va Ahmad Muhsinov hayot kechirmoqda. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar, huquqni muhofaza qilish idoralari va jamoatchilik vakillari urush qatnashchilari holidan xabar olib, Prezident tabrigi hamda bayram sovg‘alarini yetkazdi.
Mutasaddilar dastlab ichki ishlar organlari faxriysi Ahmad Muhsinov xonadonida bo‘ldi. Ko‘ksini orden va medallar bezab turgan otaxon 19 yoshidayoq frontga yo‘l olgan. U urush yillarida jang maydonlarida matonat bilan xizmat qildi, 1947-yilga qadar harbiy safda bo‘lib, keyinchalik Yevropaning turli mamlakatlarida armiya xizmatida faoliyat olib bordi.

101 bahorni qarshi olgan Ahmad Muhsinovga Prezidentimiz nomidan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Unga 30 million so‘m pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar va maxsus Prezident sovg‘asi topshirildi. Shuningdek, ichki ishlar vazirligi, viloyat hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ham ehtirom va moddiy rag‘bat ko‘rsatildi.
Uchrashuv davomida yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etilib, tinchlik va Vatanni ulug‘lovchi she’rlar yangradi. Bu esa avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik, jasorat maktabi vorisiyligining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Shuningdek, viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro tumani Turkon mahallasida yashovchi urush qatnashchisi Fayzulla Xodjayev xonadonida ham bo‘lib, otaxonni bayram bilan samimiy muborakbod etdi. Prezident tabrigi va pul mukofotlari topshirildi. Suhbat chog‘ida xalqimiz urush qatnashchilari ko‘rsatgan jasoratni hech qachon unutmasligi, ularning hayot yo‘li yoshlar uchun ibrat ekani ta’kidlandi.
Faxriy esa yurtimizda keksalarga, ayniqsa urush va mehnat qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan mamnunligini bildirib, mamlakat tinchligi, farzandlar kamoli va xalq farovonligi uchun duolar qildi.
Olot tumani Yosh botir mahallasida istiqomat qilayotgan Hojimurod Bektoshevga ham Prezident sovg‘alari va bayram tabrigi yetkazildi. Urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak ehtirom — inson qadrini ulug‘lash, tarixiy xotirani asrash va kelajak avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim namunasidir.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan fidoyi insonlarning hayot yo‘li, matonati va jasorati bugungi tinch va osoyishta hayotning mustahkam poydevoridir. Ularning Vatan va xalq oldidagi xizmatlari hech qachon unutilmaydi. Xotira va qadrlash kuni esa ana shu ulug‘ insonlarga ehtirom ko‘rsatish, tinchlik qadrini anglash va yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA