“Jasorat uchqunlari”ning viloyat bosqichi o‘tdi
Xorazm viloyatida joylashgan Jaloliddin Manguberdi harbiy akademik litseyida “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqalarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xorazm viloyatidagi “Jasorat maktablari”ning o‘quvchilaridan iborat jamoalar ishtirok etib, turli shartlar asosida o‘zaro bellashdi.
Ishtirokchilar saf tayyorgarligi bo‘yicha o‘zlarining intizomi va hamjihatligini namoyon etgan bo‘lsa, tibbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar yo‘nalishida tezkorlik hamda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Shuningdek, robototexnika va huquqiy savodxonlik bo‘yicha o‘tkazilgan shartlar yoshlarning zamonaviy bilimlarga qanchalik ega ekanini ko‘rsatib berdi. Milliy sport o‘yinlari esa musobaqaga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlab, ishtirokchilarning chaqqonligi va jismoniy tayyorgarligini amalda ifoda etdi.
[gallery-28961]
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida Xonqa tumani jamoasi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etib, faxrli 1-o‘rinni egalladi va musobaqaning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tuproqqal’a tumani jamoasiga 2-o‘rin nasib etgan bo‘lsa, Urganch shahar jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari