Ma’lumki, mavjud tartibga ko‘ra, respublikaning har bir hududida “Jasorat maktablari” tashkil etilishi belgilangan. Bu maktablarga tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ham qamrab olinishi rejalashtirilgan. Mazkur maktablarga kasbiy salohiyati yuqori o‘qituvchilar ishga jalb etiladi.
Xo‘sh, «Jasorat maktablari»ga kirish imtihonlari qay tartibda o‘tkaziladi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Jasorat sinflari”da o‘qish muddati yetti yildan (5 — 11-sinflar) iborat bo‘ladi. Har yili 4-sinfni bitirgan 26 nafar o‘quvchi 5-sinf uchun tanlov asosida qabul qilinadi. O‘qishga kirish uchun nomzod o‘quvchilarning hujjatlari “ariza.piima.uz” platformasida onlayn shaklda qabul qilinadi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, o‘qishga kirish imtihonlari ikki (test hamda jismoniy) bosqichda amalga oshiriladi hamda test sinovlari o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha topshiriqlar spetsifikatsiyasi va baholash mezonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan har yili imtihon boshlanishidan bir oy oldin e’lon qilinadi.
Test sinovlari ona tili va matematika fanlaridan tashkil etiladi. Kirish imtihonlarining yakuniy natijalari har yili avgust oyida vazirlik va “Jasorat maktablari”ning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
“Jasorat sinflari”da ta’lim jarayonlari qanday tashkil etiladi?
Ta’lim jarayonlari 5-11- sinflarda kunduzgi ta’lim shaklida, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun belgilangan davlat ta’lim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi. Maktabda matematika, CHQBT, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. O‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi. O‘quvchilar 9-sinfni yakunlagach tayanch o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lishadi. 11-sinfni tamomlagan o‘quvchilarga umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida shahodatnoma beriladi.
"Jasorat maktablari”ni a’lo baholarga tamomlagan o‘quvchilarga qanday imtiyozlar bor?
A’lo baholar bilan tamomlagan hamda “Vatan tayanchi” otryadining a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga Mudofaa vazirligi tomonidan oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Jasorat maktablari”ga nomzodlar tomonidan o‘qishga kirish uchun berilgan arizalar ayrim hollarda tahrirlashga yuborilishi yoki rad etilishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA