“Jasorat” medali sohibasi – mahalla iftixori
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining “Oqbo‘yra” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Zuhraxon Oripova hayotga bo‘lgan matonati va jasorati bilan atrofdagilarga ibrat bo‘lib kelmoqda.
U bolaligida yuz bergan baxtsiz hodisa tufayli bir qo‘lidan ayrilganiga qaramay, hayot sinovlariga bo‘yin egmadi. Boqimandalik kayfiyatidan yiroq bo‘lgan holda mehnatni hayotining mazmuniga aylantirdi.
Bugungi kunda Zuhraxon Oripova tomorqa ishlarini mustaqil ravishda olib borib, yil davomida bir necha marta hosil olishga erishmoqda. Joriy mavsumda yetishtirilgan ilk hosil — rediskani sotuvga chiqardi. Ayni paytda hovlisidagi turli navdagi uzumlarga agrotexnik ishlov berish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Xonadonda doimiy ravishda bir necha bosh zotli qoramol parvarishlanadi. Bu ishlarga ham asosan uning o‘zi bosh-qosh. Shu bilan birga, farzandlari ta’limi va tarbiyasiga alohida e’tibor qaratadi. To‘ng‘ich o‘g‘li Ahmadjon oila qurgan. Kelinining bilim olishi uchun sharoit yaratilib, u Marg‘ilon tibbiyot texnikumida tahsil olmoqda. Ikkinchi o‘g‘li Abdurahmon esa axborot texnologiyalariga qiziqib, ushbu sohada bilimlarini mustahkamlamoqda.
[gallery-28630]
Zuhraxon Oripovaning mehnatsevarligi va jasorati davlatimiz tomonidan munosib baholandi. U o‘tgan yili Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Shu munosabat bilan oilasi bilan poytaxtga sayohat qilish imkoniga ham ega bo‘ldi.
Hozirda ham u tinimsiz mehnat qilib, tomorqa ishlari bilan birga fermer xo‘jaligi a’zosi sifatida samarali faoliyat yuritmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA