“Jasorat maktablari”ga qabul imtihonlari shaffoflik asosida tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida “Jasorat maktablari”ga qabul qilishning birinchi bosqichi doirasida test sinovlari o‘tkazildi.
Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyat bo‘limida tashkil etilgan imtihonlarda shahar va tumanlardan tashrif buyurgan talabgorlar ishtirok etdi. Imtihon jarayonlari belgilangan tartib, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazildi. Ishtirokchilar hamda ularning ota-onalari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Ota-onalar test jarayonlarini onlayn tarzda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Talabgorlar matematikadan 30 ta hamda ona tili fanidan 20 ta test topshirig‘ini bajardi.
Qabul imtihonlarining ikkinchi bosqichi joriy yilning iyul oyi ikkinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
[gallery-30168]
Imtihonlar yakunlanganidan so‘ng o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etildi. Unda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, Termiz harbiy prokuraturasi xodimlari, “Jasorat maktablari” o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti mutaxassislari ishtirok etdi.
Festival doirasida ishtirokchilarga “Jasorat maktablari”da yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ta’lim jarayoni haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar tomonidan uchuvchisiz uchish apparatlari, “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan kema modellari ko‘rgazmalari namoyish etildi. Termiz garnizoni harbiy orkestri hamda Xayraobod garnizoni Faxriy qorovul jamoasining chiqishlari tadbirga o‘zgacha ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Ta’kidlash kerak, bugungi kunda respublika bo‘ylab 208 ta, Surxondaryo viloyatida esa 15 ta “Jasorat maktabi” faoliyat yuritmoqda. Ushbu maktablar yoshlarni Vatanga sadoqat, yuksak ma’naviyat va harbiy kasbga qiziqish ruhida tarbiyalash, kelajakda mamlakatimiz mudofaa salohiyatiga munosib hissa qo‘shadigan barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lida samarali xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA