Jasmina tug‘ma yurak nuqsonidan xalos bo‘ldi
Dunyo statistikasi bo‘yicha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 0,8-1,2 foizi tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi, ya’ni O‘zbekistonda yiliga 600 ming chaqaloq tug‘ilsa, shundan 5000-5500 ga yaqin chaqaloq tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekadi.
Ushbu kasallikning kelib chiqishi va rivojlanishiga homilador ayollarda kechayotgan kamqonlik, surunkali yoki o‘tkir infeksiya, virusli kasalliklar, gormonal faktor, neyrogumoral faktor, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh sabab bo‘lishi mumkin.
Sardobalik Jasminada tug‘ma yurak nuqsoni koronavirus infeksiyasi, stress va kamqonlik sabab paydo bo‘lgan.
– Homiladorligimda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanib qoldim, – deydi Sirdaryo viloyati Sardoba tumani "Birlashgan" mahallasida yashovchi Karimaxon Yuldasheva. – Shifokorlar nazorati ostida davolandim. Uning ustiga kamqonligim sabab COVID bilan bog‘liq kasalliklar menda og‘ir o‘tdi. Farzandli bo‘ldim, ammo bilganim, u tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ildi.
Karimaxon yolg‘iz o‘zi jajji qizalog‘ini olib goh u, goh bu shifoxonaga yugurdi. Biroq bu kutilgan natijani bermadi. Eng oxirgi tekshiruvdan so‘ng yurak qon-tomiridagi teshik diametri 17 mm dan katta bo‘lib ketganligi, tezda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurligi aytildi. Imkoniyat juda katta emas. Uning ustiga u nogiron, ishlamaydi, "Temir daftar" ro‘yxatida turadi. Yaxshi insonlar, mahalla fuqarolar yig‘ini va "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi yordami bilan poytaxtga, Respublika Bolalar milliy tibbiyot markaziga murojaat qildi.
Malakali mutaxassislar Jasminani tekshirib, unda tug‘ma yurak nuqsoni bilan bog‘liq murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Xarajatlar "Mahalla" xayriya jamoat fondi, uning Sardoba tuman bo‘linmasi huzurida ochilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan qoplab berildi.
– Ming shukr, hozir qizim yengil nafas olyapti, – deydi Karimaxon. – Buning uchun shifokorlarga, yordam qo‘lini cho‘zgan kishilarga rahmat.
Bugun jajji Jasmina va uning onasi Karimaxon Sardobaga, yashab turgan xonadoniga qaytdi. Uni yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilari mehr bilan kutib oldi.
O‘zA