Sir emas, ba’zi haydovchilar tomonidan yiliga yuzlab qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etilmoqda. Har qancha jarima to‘lamasin, bu qoidabuzarlik salmog‘iga ta’sir etmayotgani, boshqaruvda agressiv bo‘lishi, boshqa harakat ishtirokchilari haqidagi qoidalarni pisand qilmasligi, mast holda avtomobil boshqarishi oqibatida ming-minglab insonlarning hayotiga zomin bo‘lish holatlari ko‘payib bormoqda.
Bu boradagi statistik raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2022 yilda sodir etilgan 9 ming 902 ta YTHda 2 ming 356 nafar inson halok bo‘ldi va 9 ming 606 nafar inson tan jarohati olgan. 2023 yilning 10 oyi davomida esa 7 ming 616 ta YTH sodir etilib, ularda 1 ming 867 nafar inson halok bo‘lgan va 7 ming 62 nafar inson tan jarohati olgan. 2024 yilda 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi oqibatida 2 ming 203 nafar inson halok bo‘lgan va 8 ming 901 nafar inson tan jarohati olgan.
Bu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida joriy yilning 20 fevralida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun bilan qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, transport vositalarini boshqarish huquqidan maxrum etilgan shaxs tomonidan transport vositalarini takroran boshkarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Yo‘l xarakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan mikdordan oshgani uchun ma’muriy jazo qo‘llaniladi. Shuningdek siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida ishlaydigan transport vositalari ishtirokidagi hodisalar bo‘yicha alohida moddalarda ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ta’kidlash lozimki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 6 ta yangi modda kiritilib, 29 ta moddasi o‘zgartirildi. Jumladan, qo‘shimcha jazo chorasi sifatida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida hisoblash (341-modda) tartibi kiritildi. Haydovchiga 1 yil davomida 12 dan ortiq ball hisoblansa, transport vositasini boshqarish huquqidan sud tartibida 6 oydan kam bo‘lmagan muddatga mahrum qilish jazosi belgilandi. Bunda 12 ta modda bo‘yicha jarima ballar hisoblanadi va eng yuqori balli 2 ball etib belgilandi.
Qonun talablariga ko‘ra, ushbu modda bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi va ball bizimini hisoblash mexanizmi belgilab qo‘yildi. Mazkur qaror qabul qilingandan keyin ball tizimini hisoblab borish amaliyotga joriy qilinadi.
–Ushbu qonun bilan gaz yoqilg‘isida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun fuqarolarga BHMning 5 baravari, mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima belgilandi, — deydi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektori podpolkovnik Azizbek Rahmatullayev. – Ilgari bunday norma yo‘q edi. Endilikda siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzgan haydovchilarga chora ko‘rish mumkin. Odam tashish qoidasini buzganlik uchun, birinchi qismida BHMning 2 baravari, ikkinchi qismida BHMning 5 baravari miqdorida jarima belgilandi. Oldin odam tashish qoidasini buzganlik uchun 128-moddada umumiy norma sifatida chora ko‘rilar edi. Ya’ni, BHMning 0,5 baravari miqdorida jarima to‘lanar edi. Endilikda odam tashish qoidalarini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solish belgilandi. Shuningdek, avtobus va mikroavtobuslarda ichki ishlar organlarining hamrohligisiz odam tashish qoidalari buzilsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solish belgilandi. Quvib o‘tish qoidalarini buzganlik uchun BHMning 3 baravari miqdorida jarima belgilandi. Xuddi shuningdek, transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solish belgilandi.
Yo‘l bezoriligi uchun javobgarlikning birinchi qismida 1 yildan 2 yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, BHMning 25 baravari miqdorida jarima, ikkinchi qismida BHMning 50 baravari miqdorida jarima yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Yo‘l bezoriligi, ya’ni transport vositalari haydovchilarining boshqa transport vositalarining harakatiga qasddan to‘sqinlik qilishi, harakatlanish burchagini va (yoki) tezligini saqlagan holda transport vositasini sababsiz sirpantirishi (drift), o‘z yo‘nalishida harakatlanish bo‘lagini sababsiz keskin ravishda uch va undan ortiq marta uzluksiz o‘zgartirishi (bundan maxsus ajratilgan joylarda sodir etish mustasno) yoki yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga tahdid soluvchi yoxud transport vositasida yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikda ifodalangan boshqa xatti-harakatlarni namoyishkorona sodir etganlik uchun ham jazo choralari belgilandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorida jarima yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171, 28, 32, 112, 123, 125, 125-1, 127, 128, 128-3, 128-4, 128-5, 129, 130, 131, 135, 135-1, 136, 137, 139, 140, 147, 194, 245, 248, 256, 276, 282, 291-moddalariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bunda moddalarning sanksiyalari maqbullashtirildi va ayrimlari kuchaytirildi, shuningdek, “Jarima ball” tizimini joriy etilishi munosabati bilan moddalarga tahririy o‘zgartirishlar kiritildi.
Jinoyat kodeksi 5 ta yangi modda bilan to‘ldirildi. 3 ta moddasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Davlat raqam belgilarini yoxud identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, foydalanganlik va qalbakilashtirganlik uchun BHMning 50 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan cheklash yoki mahrum etish belgilandi.
Ya’ni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya (kuzov, shassi (rama), dvigatel) raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, o‘tkazish yoki ulardan foydalanish, shuningdek ularni qalbakilashtirganlik uchun jazo belgilandi.
Shuni ham aytish joiz, ushbu qonun bilan haydovchilarni qayta tayyorlash, imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik uchun BHMning 50 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (modda uch qismdan iborat) belgilandi.
Mas’ul shaxs tomonidan tegishli toifadagi avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini yoxud traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘qishni tugatgani haqidagi guvohnomani berishda ta’lim oluvchining o‘quv dasturini o‘zlashtirgani yoki yakuniy imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgani to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlarni o‘quv jurnallariga, yo‘l varaqalariga yoki imtihon komissiyasi bayonnomasiga kiritish yoxud ushbu soxta ma’lumotlarga asoslanib guvohnoma berganlik uchun jazo belgilandi.
Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik uchun 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum etilib, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (modda ikki qismdan iborat) jazosi belgilandi.
Haydovchilarning transport vositalarini mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarishi, shunday qilmish yoxud mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida ekanini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagani uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etgani uchun jazo belgilandi.
Qonunga ko‘ra, jarima ballari 12 balldan oshsa haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Shuningdek, qonunga ko‘ra, transport vositasini mast holda boshqarish yoki tekshiruvdan bo‘yin tovlash jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuni ham aytish joiz, Jinoyat kodeksining 261, 266 va 269-moddalariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Mast holda avtomobil boshqargan haydovchi 3 yilgacha muayyan transport boshqarish huquqidan mahrum etilib, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilandi.
Shuningdek, avtomobilda juda katta tezlikda harakatlanish uchun jazo kuchaytirildi. Amalda tezlikni 20 km.gacha, 20 km.dan 40 km.gacha, 40 km.dan ortiq kattalikda oshirib yuborganlik uchun tabaqalangan jarimalar belgilangan edi. Endilikda transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi BHMning 15 baravari (5 million 625 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
– Qonunga ko‘ra, quyidagi huquqbuzarliklar uchun MJTKning yangi 34-1-moddasi bo‘yicha jarima ballari hisoblanadi, – deydi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov. – Xususan, 125-moddaning 3-qismi haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishiga jarima ballari hisoblanadi. 125-moddaning 5-qismi, ya’ni foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalari boshqarilishi ham jarima ballar berilishiga sabab bo‘ladi. 126-moddaga asosan ko‘zgusimon yoki tusi o‘zgartirilgan, qoraytirilgan oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish ham jarima ballari berilishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, 127-moddaning 1-qismiga asosan, tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish holatlari jarimaga sabab bo‘ladi. 128-moddaga asosan, haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi, 128-3-moddaga binoan transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborish holatlarida jarima ballari beriladi.
Qolaversa, 128-4-moddaning 2-qismi, ya’ni transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi va o‘tishi, 128-5-modda, ya’ni transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi jarimaga sabab bo‘ladi. 128-6-moddaga asosan, transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi, yangi 128-7-modda transport vositasida odam tashish tartibini buzish, yangi 128-8-moddaga asosan, transport vositalarini quvib o‘tish tartibini buzish holatlarida jarima ballari beriladi.
Bundan tashqari, 129-modda ya’ni transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi, 130-modda transport vositalari haydovchilarining temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzish holatlarida jarima ballari beriladi.
Shu bilan birga, 135-moddaning 1-qismi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi, yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati (transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani almashtirish yoki yo‘qolgan guvohnoma o‘rniga boshqasini berish hollarini istisno qilgan holda, guvohnoma olingan paytdan e’tiboran ikki yillik davr bundan mustasno) yonida bo‘lmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi, xuddi shuningdek ishonchnomalarni, transport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) transport vositalarini boshqarish holatlarida jarima ballari beriladi. 137-moddaning 1-qismiga asosan, ya’ni transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish ham jarima ballari berilishiga sabab bo‘ladi. Mazkur qonun 21 fevral kuni rasman e’lon qilindi va kuchga kirdi.
Shuni ham aytib o‘tish joiz, ballar miqdori va ularni qo‘llash tartibi Vazirlar Mahkamasining alohida qarori bilan belgilanadi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qonun yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini nazorat kilishga, haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirishga hizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA