Sirdaryo viloyatida Janubiy Koreyaning xalqaro hamkorlik aloqalari agentligi – KOICA, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda “Istikbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda “Sirdaryo viloyatida aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlash dasturi” loyihasini amalga oshirmoqda.
Ushbu loyihaning viloyatdagi ijrosi bilan tanishish, mavjud muammolarni hal etish maqsadida loyiha ishchi guruhi Sirdaryoga tashrif buyurdi.
Ishchi guruhi a’zolari Sirdaryo viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasida qabul qilindi. Boshqarma boshlig‘i O‘lmas Mamadaminov, KOICA va ishchi guruhi vakillariga loyiha yuzasidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida qisqacha axborot berdi. O‘z navbatida, KOICA direktori o‘rinbosari Jo Xyon Yong xonim, samimiy qabul va ushbu loyihani Sirdaryo viloyatida amalga oshirishda yaqindan yordam bergan hokimlik, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda “Istikbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi viloyat bo‘limiga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

So‘ngra ishchi guruhi a’zolari viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi vakillari bilan birgalikda Mirzabod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi aholini, ayniqsa xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan o‘quv-markazalarida bo‘lib, loyiha bo‘yicha u yerda tashkil qilinayotgan ishlarning monitoring qildi.
– “Sirdaryo viloyatida aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlash dasturi” loyihasi KOICA, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgani barcha uchun manfaatlidir, – deydi KOICA xodimi Shukurullo Shukurov. – Loyihani amalga oshirish uchun lozim bo‘lgan 500 ming AQSH dollari – KOICA tomonidan to‘liq amalga oshirildi. Tashkil etilayotgan o‘quv markazlarini joy, zarur sharoitlar va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan bajarildi. Aholining zaif qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari esa “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ijro etildi.
Ishchi guruhi a’zolari tashrif buyurgan dastlabki o‘quv markazi Mirzaobod tumanidagi 2 qavatli Dehqonobod mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi.
Bu yerda tashkil etilgan o‘quv markazi uchun binoning 1-qavatidan 1 ta katta, 3 ta o‘rtacha kattalikdagi (ma’muriyat bilan birgalikdagi) ajartilgan xonalar ishchi guruhi a’zolarida ijobiy xulosa o‘yg‘otdi.
– Ushbu loyihamizni amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, band bo‘lmagan yoshlarni, ayniqsa ayollarni 3 yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunarga o‘rgatish imkoniyatlarini yaratib berishdan iborat, – deydi KOICA direktori o‘rinbosar Jo Xyon Yong xonim. – Hamkorlikdagi ushbu loyihamiz bo‘yicha fuqarolar, ayniqsa, ayollarni – tikuvchi-dizaynerlik, oshpaz-pazandachilik va komppyuter savodxonligi bo‘yicha tashkil etilgan qisqa kurslarda malakali mutaxassislar tomonidan saboq berib, kasb-hunarli qilishdan iboratdir.
Suv toshqinidan zarar ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida tashkil etilayotgan qisqa muddatli o‘quv kurslari uchun 90 dona kompyuter jamlamasi, zarur miqdordagi tikuv mashinkasi, boshqa tikuv-bichuv jihozlari hamda pishiriq uskunalari KOICA tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar hisobiga xarid qilinib, o‘quv kurslari uchun ajratilgan xonalarga o‘rnatilmoqda. Tez orada bu o‘quv kurslari o‘z faoliyatini boshlaydi.

So‘ngra KOICA xodimlari “Istiqbolli avlod” NNT bilan hamkorlikda tashkil etilgan aholining zaif qatlami uchun tayyorangan KOVID-19 infeksiyasidan himoyalanish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar bilan to‘ldirilgan hadya qutilarini NNT tomonidan loyiha maqsadlari bo‘yicha tayyorlanib, ijtimoiy xodimlar hamrohligida xonadonlarga tarqatish ishlarida ham ishtirok etdi.
– Bu loyiha – davlat va nodavlat tashkilotlarining ijtimoiy hamkorligining yorqin namunasi ekanligining isbotidir, – deydi Respublika “Istikbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi direktori Muqaddas Malikova. – Volantyorlar ko‘magida alohining zaif, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami sanalgan fuqarolarning hisobini oldik. Kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan, xo‘jalik, kir yuvish vositalari, oilaviy zarurat hamda antiseptik vositalardan tashkil topgan mahsulotlarni qutilarga joylab, viloyat bo‘yicha 10 ming oilaga tarqatayapmiz.
Loyihaning ijtimoiy himoya kompanenti bo‘yicha 70 dona nogironlar aravachasi, qo‘ltiq tayoq, hassa, eshitish moslamalariga zarurati bo‘lgan aholiga tarqatilishi ham ushbu dastur loyihasidan o‘rin olganligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Bundan tashqari, “Sardoba” suv toshqinidan zarar ko‘rgan, pandemiya tufayli joriy etilgan karantin davrida talofat ko‘rgan fuqarolarni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam ko‘rsatish KOICAning asosiy ezgu niyatidir.
KOICA yetakchiligidagi ishchi guruhi a’zolari Mirzaobod tumani Dehqonobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironi Baxtiyor Salimovning xonadonida bo‘ldi. Unga nogironlar aravachasini taqdim etdi, Baxtiyor aka quvonchdan yig‘lab yubordi.
– Ikki qiz, bir o‘g‘limiz, besh nafar nabiramiz bor, ularni uyli-joyli qildik, – deydi Baxtiyor akaning turmush o‘rtog‘i Xolida opa Salimova. – Turmush o‘rtog‘im butun ish faoliyati davomida xo‘jalikda traktor haydadi. Taqdir ekan, pensiya yoshiga yetar-yetmasdan oyoqlari ishlamay qoldi. Doim harakatda yurgan emasmi, juda qattiq siqildi. Ammo hech kimdan hech qanday yordam so‘ramadi, bizni aytishga ham qo‘ymadi.
Mahalla fuqarolar yig‘nidagilarga katta rahmat, mana biz aytmagan bo‘lsakda, ular o‘zlari xabar topib, shu xayrli ishni amalga oshirishdi. Endi Baxtiyor aka ham o‘zi bir vaqtlar mehnat qilgan dalalarini aravachada yurib bo‘lsada, tomosha qilish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Ishchi guruhi a’zolarining keyingi tashrif manzili Oqoltin tumanidagi Shodlik va Sardoba tumanidagi Birlik mahalla fuqarolar yig‘inlari bo‘ldi. Bu yerda ham shu loyiha bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini binolarida tashkil etilgan kasbga o‘rgatish o‘quv markazlari va uning ta’minlanishi, jihozlanishi, ta’mirlanishi bilan yaqinlan tanishdilar, shu joylarga yig‘ilgan fuqarolar bilan suhbatlashdi, MFY raislariga kompyuyetr jamlamalarini topshirdilar.

“Sirdaryo viloyatida aholining zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlash dasturi” loyihasi amalga oshirilgan ishlar ishchi guruhi a’zolarida katta taassurot qoldirganini KOICA direktori o‘rinbosari, ishchi guruhi rahbari Jo Xyon Yong xonim alohida ta’kidlab, hamkorlik uchun barcha mutasaddilarga minnatdorchilik bildirdi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA