Janubiy Koreyadagi supermarketda 60 yoshli shaxs odamlarga pichoq bilan tashlandi
“Reuters” xabar berishicha, Janubiy Koreyaning Inchxon shahridagi supermarketda erkak kishi fuqarolarga pichoq bilan hujum qilgan. Oqibatda 8 kishi jarohatlandi, jabrlanganlardan birining yuragi to‘xtagan.
Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari gumonlanuvchini qo‘lga olgan va hujum sababi hamda tafsilotini o‘rganmoqda. “Yonhap” axborot agentligi guvohlarga tayanib yozishicha, qo‘llariga pichoqlarni bog‘lab olgan shaxs savdo majmuasining bir necha qavati bo‘ylab harakatlanib, yo‘lida duch kelgan odamga jarohat yetkazgan va atrofdagilar tomonidan ushlanib, politsiyaga topshirilgan.
Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olingan kimsa 60 yoshlarda bo‘lib, oyog‘ida elektron kuzatuv uzugi bor ekan. Jabrlanganlarning 6 nafari ayol, ikkisi erkak. Og‘ir ahvoldagi 20 yoshli juvonning yuragi urmay qolgan. Darvoqe, Seul yaqinida joylashgan Inchxonda mamlakatning bosh aeroporti joylashgan.
Koreyada 2023-yil ham bir necha insonni hayotdan olib ketgan ommaviy pichoqli hujum sodir bo‘lgan. Shu yil may oyida esa Kvangju shahrida 20 yoshli erkak 17 yoshli qizni pichoqlab o‘ldirgani va yana bir o‘smirni jarohatlagani uchun sud tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA