Janubiy Koreyadagi o‘zbek talabasi: Kelajak kaliti bilimda
Dunyo jadal o‘zgarmoqda. Bugungi yoshlar dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olib, jahon miqyosida raqobatdosh kadr bo‘lib yetishishga intilmoqda. “Navqiron nigoh” loyihasining bu galgi mehmoni ana shunday intiluvchan, dunyoqarashi keng yigitlarimizdan biri – Janubiy Koreyaning Gachon universiteti – "Gachon University" 4-bosqich talabasi Madaminbek Aktamov.
Qahramonimiz bilan suhbat zamonaviy ta’lim, ilm-fan va xalqaro tajribani O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida tatbiq etish xususida kechdi. Ma’lumki, Koreya Respublikasi zamonaviy texnologiyasi, innovatsion ta’lim tizimi bilan dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallagan. Madaminbek ta’kidlashicha, xorijda o‘qishning asosiy foydasi kishida mas’uliyat va mustaqil fikrlash ko‘nikmasi shakllanishidir.
– Koreya ta’lim tizimida talabaga tayyor bilim berilmaydi, balki manbani topish, tahlil qilish va muammoga o‘ziga xos yechim izlash o‘rgatiladi, – deydi u. – Raqobat va akademik muhit insonni mudom o‘z ustida ishlashga undaydi. Muhimi, siz nafaqat nazariya, balki amaliyotni ham o‘zlashtirasiz.
O‘zbekiston yoshlari endi faqat bilim olish bilan cheklanayotgani yo‘q, balki xalqaro ilmiy-akademik jamiyatda ham vatanimiz sha’nini nomini munosib himoya qilmoqda. Zero, xorijdagi talabalarimiz tarmog‘ini mustahkamlash va diyorimizdagi oliy o‘quv yurtlari bilan uzviy bog‘lash akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. Chet davlatlar bilan qo‘shma tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi ko‘lamini kengaytirish mamlakatimiz ta’lim tizimini xalqaro andozaga moslashtirishda muhim omildir.
Madaminbek Aktamov kabi minglab yoshlarning asosiy maqsadi esa orttirgan bilimi va tajribasini O‘zbekiston ravnaqi uchun sarflash. Xususan, Janubiy Koreya nisbatan qisqa muddatda “iqtisodiy mo‘’jiza” yarata olgani siri ham aynan ta’lim va inson salohiyatiga tikilgan sarmoyada.
– To‘plagan tajribamni Vatanimda qo‘llash – ezgu niyatim, – deya ta’kidlaydi qahramonimiz. – Aniqrog‘i, o‘zim o‘zlashtirayotgan soha bo‘yicha yangicha yondashuv, texnologiya yechimi va ish samaradorligini oshirish usullarini yurtimizga olib kirish maqsadim bor. Yoshlarning xalqaro tajribasi va mahalliy imkoniyat birlashsa, ulkan natijaga erishish mumkin.
“Navqiron nigoh”da guvohi bo‘layotganingizdek, bugungi o‘zbek yoshlari ulkan orzular bilan yashamoqda. Madaminbek Aktamov singari chet elda bilim olayotgan yurtdoshlarimizning dunyoqarashi va intilishi mamlakatimizning ertangi yorug‘ kelajagiga ishonchni yanada mustahkamlaydi. Ilm-fan va ta’limga berilayotgan e’tibor albatta samara berishi shubhasiz.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA