Koreya Respublikasida kuzatilayotgan kutilmagan voqealar asnosida, qaysidir ma’noda, kutilgan bir voqea ham yuz berdi. Ya’ni, qisqa muddatli harbiy holat e’lon qilinishiga qisman javobgar bo‘lgan mudofaa vaziri Kim Yong Xyun so‘ragan iste’fo qarori qabul qilindi.
Prezident Yun Sok Yol sobiq birinchi harbiy mulozimning so‘rovini tasdiqlagan.
OAV yozishicha, davlat rahbariga harbiy holat e’lon qilish bo‘yicha aynan u maslahat bergan. Bu mamlakat bo‘ylab siyosiy inqiroz boshlangandan beri ilk iste’fo.
Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, Janubiy Koreyaning Saudiya Arabistonidagi elchisi Choy Byon Xyuk yangi mudofaa vaziri etib tayinlangan.
Ushbu qaror Yun Sok Yolning siyosiy kelajagi noaniq bo‘lib turgan bir paytda yangradi. Zero, kecha muxolif partiyalar davlat rahbariga nisbatan impichment e’lon qilish taklifini ilgari surishi Prezidentning boshqaruv qobiliyatiga oid savollarni keltirib chiqardi.