Janubiy Koreya sobiq Prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi aksiya kursini manipulyatsiya qilish va pora olish kabi qator ayblovlar bilan qo‘lga olindi.
Kim Seuldagi to‘rt soatlik sud tinglovida ayblovni to‘liq inkor qildi, ammo sud dalillarni yo‘q qilish ehtimoli sabab, uni qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu mamlakat tarixida sobiq yetakchi va sobiq birinchi xonim bir vaqtda hibsda qolayotgan ilk holat.
Prokurorlar ma’lumotiga ko‘ra, 52 yoshli Kim “Deutsch Motors” kompaniyasi aksiyasini sun’iy ravishda oshirish amaliyotida qatnashib, 800 million von - taxminan 578 000 dollar foyda ko‘rgan. Bu holat turmush o‘rtog‘i mamlakat rahbari etib saylanishidan oldin yuz bergan bo‘lsa-da, prezidentlik davrida ham siyosiy soya o‘z vazifasini bajarishda davom etgani aytiladi.
Shuningdek, Kim Birlashish cherkovidan biznes imtiyozi evaziga ikki dona “Chanel” sumkasi va olmos marjonni pora sifatida olishda gumonlangan. Bundan tashqari 2022 yilgi qo‘shimcha parlament saylovi hamda o‘tgan yilgi umumiy saylovda nomzod ko‘rsatish jarayoniga noqonuniy aralashgani ham ayblov fakti sifatida ilgari surilgan.
– Hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan oddiy inson bo‘lsam ham, muammo keltirib chiqarganim uchun chin dildan uzr so‘rayman, – deya izoh bergan mahkuma.
Yun rahbarligi davrida parlament muxolifati Kimga oid ayblovni tekshirish uchun maxsus tergovchi tayinlashga uch bor uringan.
Iyunda Yolning siyosiy raqibi Li Chje Myon Prezident bo‘lgach, Kimga qarshi maxsus tergov rasman ish boshladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA