“Rossiya va Ukraina voqealari Janubi-sharqiy Osiyodan ancha uzoqda sodir bo‘lyapti, ammo bu mintaqa ham ayni nizo tufayli kelib chiqadigan salbiy oqibatdan himoyalangan emas”
“Biz aralashmaymiz”
Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi — ASEAN a’zosi Malayziya bosh vaziri Ismoil Sabri Yaakob Rossiya-Ukraina munosabatiga bag‘ishlab Kambojada tashkil etilgan matbuot anjumanida “so‘nggi voqealardan” afsusda ekanini bildirdi.
— ASEAN erkin mamlakatlar tashkiloti sifatida xorijiy davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslikni ma’qul ko‘radi, — dedi u.
Kamboja bosh vaziri Xun San ham uyushma davlatlari bu masalani muhokama qilmaguncha va konsensusga kelmaguncha, hech qanday bayonot bermasligini aytdi.
Filippin hukumati Ukrainadagi vatandoshlar xavfsizligidan tashvishga tushganini ma’lum qildi. Tailand esa Ukrainadagi voqealarni “chuqur xavotir bilan” kuzatayotganini e’tirof etdi.
Rossiyaning Janubi-sharqiy Osiyodagi eng yaqin sherigi Vetnam shu kunlarda Ukrainada yuz berayotgan voqealarga nisbatan anchayin bosiqlik namoyon etmoqda, — deya xabar berdi “Radio Free Asia”.
— Avvalgi davrlardan farqli o‘laroq, Vetnam ommaviy axborot vositalari Ukrainadagi vaziyatni muvozanat saqlagan holda yoritmoqda, — qo‘shimcha qiladi RFA. — Binobarin, Rossiya Vetnamning eng muhim harbiy hamkori, qurolli kuchlar tizimi uchun asosiy yetkazib beruvchi hisoblanadi.
Singapur va Indoneziya Rossiya harakatini Ukrainaning hududiy yaxlitligi buzilishi sifatida baholadi, biroq Janubi-sharqiy Osiyoning qolgan qismi vaziyatni vazminlik bilan kuzatmoqda.
Singapur Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazilayotganidan “jiddiy xavotirda” ekanini ma’lum qildi.
— Biz Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerakligini yana bir bor ta’kidlaymiz, — deyiladi Singapur tashqi ishlar vazirligi bayonotida. — Jangovar harakat zudlik bilan to‘xtatilishiga umid qilamiz, nizoni BMT nizomi hamda xalqaro huquqqa muvofiq, tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiramiz.
Indoneziya TIV bayonotida Jakarta Ukrainadagi qurolli mojaro yanada kuchayishidan xavotirda ekani, bu voqea Osiyo mintaqasida ham tinchlikka tahdid solayotgani aytilgan.
— Mamlakatning hududiy yaxlitligiga oid xalqaro huquq va BMT nizomi hurmat qilinishi kerakligini yana bir bor tasdiqlab, mamlakat hududi va suverenitetiga daxl qiluvchi har qanday harakatni qoralaymiz, — dedi vazirlik vakili Teuku Fayzasia.
Indoneziya prezidenti Joko Vidodo ijtimoiy tarmoqda Rossiya yoki Ukrainani tilga olmay, bunday yozdi: “Urushni to‘xtating! Urush insoniyatga azob-uqubat olib keladi va butun dunyoni xavf ostiga qo‘yadi”.
Indoneziya hozir dunyoning 19 eng yirik iqtisodiyotga ega davlati va Yevropa Ittifoqini o‘z ichiga olgan G20ga raislik qilmoqda.
ASEAN: ”Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi vaziyat
tinch yo‘l bilan hal qilinishi zarur”
“Reuters” mintaqaviy blok bayonoti loyihasidan xabardor ekanini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, ASEAN hali Rossiya va Ukraina masalasida rasman bayonot bermadi. Loyihada aytilishicha, vaziyat “xalqaro huquq va BMT nizomi asosida tinch yo‘l bilan” hal qilinishi kerak.
— Biz barcha manfaatdor tomonlarni o‘ta vazminlikka, vaziyatni nazorat qilish, munosabat yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik, nizoni xalqaro huquq hamda BMT nizomiga muvofiq tinch yo‘l bilan hal qilishga erishish uchun barcha usullar, jumladan, diplomatik vositalar orqali muloqotga kirishishga chaqiramiz, — deya ta’kidlanadi bayonot loyihasida.
Xitoy va Hindiston nima deydi?
Xitoy Xalq Respublikasining Ukraina masalasidagi pozitsiyasi izchil, Pekin tomonlarni vazminlik ko‘rsatish, keskinlashuvning oldini olishga chaqiradi, dedi mamlakat TIV matbuot kotibi Van Venbin.
"Har bir davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi, himoya etilishi kerak. BMT Nizomining asosiy maqsad va tamoyili ham birgalikdagi sa’y-harakat bilan qo‘llab-quvvatlanishi zarur. Bu Xitoy doimo qo‘llab-quvvatlagan tamoyil, shuningdek, xalqaro munosabatning asosiy me’yori, hamma davlatlar rioya qilishi shart bo‘lgan munosabat tartibi”, dedi diplomat.
Mulozim yana ta’kidlaydi: Biz Ukraina muammosining tarixi murakkab va o‘ziga xos ekanini ko‘ramiz. Shu bilan birga XXR Rossiyaning oqilona xavfsizlik tashvishini tushungan holda, Sovuq urush mentalitetini butunlay rad etadi. Muvozanatli, samarali va barqaror munosabatni shakllantirish, muloqot va muzokara orqali barqaror xavfsizlik mexanizmni ishlab chiqish tarafdori.
Darvoqe, Xitoy Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish, muammoni bartaraf etish yo‘li sifatida sanksiyadan foydalanishni ma’qullamayapti. Bu nafaqat iqtisodiyotga zarar yetkazadi, balki siyosiy tartibga solish jarayoniga ham xalaqit beradi, yangi muammolarni ham keltirib chiqaradi, deb hisoblaydi xitoylik mutasaddilar.
Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I germaniyalik hamkasbi Annalena Burbok bilan telefon orqali muloqotda aytib o‘tdi.
Xitoy TIV rahbari so‘ziga ko‘ra, Pekin Ukrainadagi vaziyatni yumshatish va siyosiy tartibga solishga yordam beradigan har qanday sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlaydi.
— Xitoy tomoni sovuq urush bloki mentalitetidan butunlay voz kechish zarur, deb hisoblaydi, — dedi Pekin rasmiysi. — Xitoy NATO, Yevropa Ittifoqi va RF o‘rtasidagi dialogni qayta tiklash, Yevropa qit’asida uzoq muddatli tartib o‘rnatib, osoyishtalikni ta’minlash maqsadida muvozanatli, samarali hamda barqaror Yevropa xavfsizlik mexanizmini yaratish fikrini ma’qullaydi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham Rossiya va Ukrainani zudlik bilan muloqotga qaytishga chaqirdi.
Hindiston hukumati bayonotida aytilishicha, Modi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashganda Rossiya va NATO guruhi o‘rtasidagi kelishmovchilikni faqat samimiy muloqot orqali hal qilish mumkinligini aytgan.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Xarsh Vardxan Shringla kechki matbuot anjumanida Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiya e’lon qilgan Yevropa Ittifoqi, shuningdek AQSH, Avstraliya, Yaponiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar yo‘lidan bormasligini qayd etdi.
Zero, Hindiston Rossiya bilan azaldan do‘st, mustahkam harbiy aloqaga ega.
Joriy yil 26 fevral kuni AQSH va Albaniya tomonidan ishlab chiqilgan rezolyutsiyada Rossiyani Ukrainadagi harakatlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, Ukraina suverenitetini qo‘llab-quvvatlash va Moskvadan qo‘shinlarini olib chiqib ketish talab qilinishi ko‘zda tutilgandi.
Rezolyutsiyaga ovoz berish jarayonida Xitoy va Hindiston betaraf ekanligini ma’lum qilgan.
Ulug‘bek MAHMIRZAEV,
O‘zA sharhlovchisi