Janubda “Jasorat maktabi” yig‘ini boshlandi
FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, Surxondaryo viloyati harbiy-ma’muriy sektori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmalari va Yoshlar ittifoqi hamkorligida viloyat hududlaridagi 100 nafar o‘g‘lon uchun “Termiz” umumqo‘shin dala maydonida joylashgan harbiy qismda “Jasorat maktabi” loyihasi asosida yig‘in boshlandi.
Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi binosi oldida to‘plangan yig‘in ishtirokchilari “Jasorat maktabi” yig‘ini to‘g‘risida ma’lumot olgach, “Termiz” umumqo‘shin maydonida joylashgan harbiy qismga yo‘l oldi.
[gallery-11374]
Harbiy qismda mas’ul ofitserlar tomonidan kutib olingan yig‘in ishtirokchilariga harbiy liboslar tarqatildi. So‘ng yoshlar shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, qiziqishiga qarab kasb-hunar guruhlariga ajratildi va yotoqxonalarga joylashtirildi.
Yig‘inning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov, Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Po‘latjon Sotivoldiyev, Mudofaa vazirligi mas’ullari, boks bo‘yicha jahon chempioni Bahodir Jalolov, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar mazkur yangi loyiha harbiylikka havasmand yoshlar uchun zo‘r imkoniyat ekanligini ta’kidladi.
Mehmonlar “Jasorat maktabi” yoshlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda harbiy qismda mavjud zamonaviy texnika va qurol-yaroqlar, harbiy xizmatchilarning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA