Janubda g‘alla o‘rim-yig‘imiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda
Surxondaryo viloyatida joriy yil hosili uchun g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Boshoqli don yetishtirishda qulay iqlim va boy tajribaga ega voha g‘allakorlari bu yil 90 ming gektardan ortiq maydonda maysa parvarishlab, mo‘l hosil to‘plamoqda. G‘alla maydonlaridagi maysalar baravj rivojlanib, bo‘liq boshoqlar hosil qilayotir. Bahor ob-havosining mo‘’tadil kelgani g‘allazorlarda hosilning tez pishib yetilishiga puxta zamin yaratmoqda. Shu bois o‘rim-yig‘imga hozirlik ko‘rish ishlariga ham ertaroq kirishildi.
Bandixon tumanida 169 ta fermer xo‘jaligi o‘tgan yil kuz faslida to‘rt ming gektardan ziyod maydonga mahalliy iqlimga mos va ertapishar g‘alla urug‘larini sepib bir tekis undirib olgan edi. Tajribali dehqonlar maslahati va sinalgan agrotexnik usullar yordamida parvarishlangan g‘allazorlarda salmoqli hosil to‘planmoqda. Rizq-ro‘zimiz, dasturxonlarimiz fayzi bo‘lgan donni qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Tumanda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmali seminarda ana shu masalalar muhokama etildi.
Mavsumga mas’ul o‘rim otryadlari mutasaddilari, soha mutaxassislari, g‘allachilik klasteri, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda tuman hokimi Abdumalik Allamurodov g‘allakorlarning unumli mehnati bilan mo‘l hosil yetishtirilayotganini ta’kidlab, uni isrof qilmay yig‘ishtirib olish xususida atroflicha so‘z yuritdi. O‘rim kombaynlari shayligi va mexanizatorlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
G‘alla o‘rim-yig‘imini tez va sifatli amalga oshirish uchun tumanda oltita maxsus otryad tuzilib, 11 ta zamonaviy kombayn, donni o‘z vaqtida qabul shoxobchalariga tashish uchun 50 ga yaqin texnika shay holatga keltirilgan. Mexanizatorlar uchun qulay sharoitga ega dam olish maskanlari barpo etilgan. Yetarli ehtiyot qismlar va yoqilg‘i zaxirasi yaratilib, mexanizatorlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Viloyatning Angor tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganishga bag‘ishlangan amaliy seminarda tuman hokimi Qosim Mardonov mavsumga jalb etiladigan texnikalar, shu jumladan, kombaynlarning texnik holati, o‘rim-yig‘imga tayyorgarlik darajasi va o‘rim-yig‘imni uzluksiz tashkil etish masalalari bilan tanishdi. Mexanizatorlarga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Yoz fasli nisbatan issiq kelishi kutilayotgan yilda katta mehnat evaziga yetishtirilgan boshoqli donni nobud qilmay o‘rib-yig‘ib olish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Bu yil angorlik g‘allakorlar olti ming gektardan ortiq maydonda boshoqli don yetishtirmoqda. Hosilni qisqa muddatlarda sifatli yig‘ib olish uchun 24 ta kombayn, 200 dan ortiq yuk tashish texnikasi jalb etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatning boshqa tumanlarida ham yetishtirilgan boshoqli donni o‘rib-yig‘ib olishga tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Bu yil voha g‘allakorlari gektarlar hosildorligini o‘rtacha 88,6 sentnerga yetkazishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA