Jangovar o‘q-patronlar to‘xtatib qolindi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi va Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari tomonidan jangovar o‘q-patronlarni “Olot” chegara bojxona posti orqali olib kirishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.
Xorijiy yo‘nalishda harakatlanib, bojxona postiga tranzit tarzda kirib kelgan yuk avtotransport vositasiga ortilgan yengil avtomashinalarning rentgen tasvirlari Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limining xodimlarida shubha uyg‘otdi. Mazkur yuk avtomashinasi gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Kinologlarning xizmat itlari bilan birgalikda olib borgan bojxona ko‘rigi natijasida yengil avtomashinalardan birining orqa yo‘lovchi o‘rindig‘i ostki qismiga qog‘oz qutiga joylashtirilgan 43 dona “Magnum R-P357” yozuvli jangovar o‘q-patronlar borligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA