Janggohlardan omon qaytgan Abdug‘ani ota
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Insoniyat tarixidagi eng mudhish Ikkinchi jahon urushi janggohlarida bir necha yuz ming o‘zbek yigitlari nemis-fashist bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashgan. Ularning mardligi, jasorati, qahramonliklari, umuman, ibratli hayot yo‘li kelajak avlod uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Buloqboshi tumani Uchtepa mahallasi, Shamshod ko‘chasida istiqomat qilayotgan Abdug‘ani ota G‘apporov ham Ikkinchi jahon urushi janggohlarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan mard va jasur o‘zbek yigitlaridan biri bo‘lgan.

Bu yil yanvar oyida o‘zining yuz yoshini nishonlagan Abdug‘ani ota G‘apporov o‘n sakkiz yoshida urushga safarbar qilingan. U 1942-yildan to g‘alabaga qadar turli frontlarda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi ayovsiz janglarda ishtirok etdi, qahramonlik namunalarini ko‘rsatdi, qator orden va medallar bilan taqdirlandi.
Abdug‘ani ota o‘sha davrlarni shunday xotirlaydi:
– 1941-yilning kuz oyida, 18 yoshimda ko‘ngilli bo‘lib Vatan himoyasiga jo‘nab ketganman. 1- Ukraina fronti tarkibidagi qismlardan birida jangga kirdim. Ukraina, Belarus, Polshadagi janglarda qatnashib, g‘alabani Germaniyada kutib olganman.
O‘tgan ana shu suronli yillar ne-ne azob-uqubatlarni ko‘rmadim. Qancha-qancha safdoshlarim ko‘z oldimda halok bo‘ldi. Urushning nomi o‘chsin. Janggohlarda ingrab yotgan yaradorlar, och, yupun, ota-onasiz qolgan bolalar, vayron bo‘lgan qishlog‘-u shaharlar xotiramdan o‘chmaydi. O‘shanda urush dahshatlarini ko‘rib, uyimga sog‘-omon qaytishimga ishonmagan edim.

Yaratganga shukrki, sog‘-omon yurtimizga qaytdim, dorilomon kunlarga yetib keldim. Ana shu suronli yillarni eslab, bugungi tinch hayotimizga, yurtimizdagi to‘kinlikka shukronalar keltiraman.
Ochig‘i, otaxonning xotiralarini tinglab, urush davrida o‘zbek yigitlari ko‘rsatgan mardlik, jasorat namunalaridan qalbimizda cheksiz faxr-iftixor tuydik.
Urushdan sog‘-omon qaytgan Abdug‘ani G‘apporov xalq xo‘jaligining turli sohalarida sidqidildan mehnat qildi, rahmatli turmush o‘rtog‘i bilan qator farzandlarni tarbiyalab, el-yurt hurmatini topdi. Bugun otaxon 8 nafar farzandi, 100 nafardan ziyod nabira va chevaralari, hamqishloqlari, el-yurt ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
– Abdug‘ani ota G‘apporov bugun butun mahallamizning faxriga aylangan, – deydi Buloqboshi tumanidagi “Uchtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hakimjon Holmatov. – Abdug‘ani ota singari urush qatnashchilarining urushdagi qahramonligi, hamma havas qilsa arziydigan mazmunli umr yo‘li yosh avlod uchun hamisha ibrat maktabidir. Shu bois ham, katta-yu kichik tez-tez uning xonadonida bo‘lib, holidan xabar olishadi, dildan suhbatlashadi, duolarini olishadi.
– Kishi halol mehnati, ibratli ishlari, insoniy fazilatlari bilan el-yurt o‘rtasida qadr, hurmat topadi, – deydi Abdug‘ani ota. – Yoshlar – farzandlarimiz mana shu hayotiy haqiqatni anglasin, ayniqsa, tinchlikning qadriga yetsin. Bugun biz urush faxriylariga yuksak ehtirom ko‘rsatayotgan Prezidentimizga, hukumatimizga, xalqimizga rahmat. Har yili pul mukofotlari berilyapti, shifokorlar salomatligimizdan xabar olishadi. Bundan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tariladi.
Abdug‘ani ota singari nuroniylarning pand-nasihatlari, dil so‘zlari har bir yurtdoshimizni, ayniqsa, yosh avlodni ezgu ishlarga, Vatanga fidoyi bo‘lishga undaydi. Hayotimiz ko‘rki bo‘lgan tabarruk keksalarimizni har qancha e’zozlasak, qadrlasak arziydi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari