Joriy yilning 2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2025 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2025 yilda «2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Unda belgilangan amaliy chora-tadbirlar fuqarolarning ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki va ta’sirini kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlarning salohiyatini oshirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kengaytirishga xizmat qiladi.
Avvalo, nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish va yuqori natijalarga erishgan NNT tomonidan seminar-treninglarni tashkil etish vazifasi ularning professional salohiyatini oshirishga qaratilganligi bilan muhimdir. Tajriba almashish – nodavlat notijorat tashkilotlarning zamonaviy usullarni o‘zlashtirishi, innovatsion yondashuvlarni qo‘llashi va samarali faoliyat yuritishini ta’minlaydi.
Seminar-treninglar esa nodavlat notijorat tashkilotlarining sohaga xos bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib, ularning ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ta’sirini kuchaytiradi. Bu choralar nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, jamiyatdagi turli ehtiyojlarga tezkor va sifatli javob berish imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, «O‘zbekiston – 2030»strategiyasini amalga oshirish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini faollashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilangan. Ayniqsa, 2025 yil – «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili»da fuqarolarning ekologiya va barqaror rivojlanish masalalaridagi jamoatchilik nazorati hamda eshituvlari davlat dasturlarining ochiqligi ta’minlanadi. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarni qaror qabul qilish jarayoniga jalb etish, mas’ul idoralar faoliyati ustidan samarali monitoring o‘rnatishga xizmat qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, yo‘l xaritasida fuqarolik jamiyati institutlarining xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan choralar ham alohida o‘rin egallagan. Jumladan, BMT tomonidan ta’sis etilgan «Xalqaro demokratiya kuni» (The International Day of Democracy) munosabati bilan O‘zbekistonda demokratik boshqaruvda fuqarolik jamiyatining o‘rni mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etilishi mo‘ljallangan.
Konferensiya xorij tajribasini o‘rganish, ekspertlar bilan muloqot qilish orqali fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga yangicha yondashuvlarni shakllantirish imkonini beradi.
Shuningdek, fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik milliy ma’ruza tayyorlash vazifasi islohotlarning samarasini baholash, muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga zamin yaratadi.
Qolaversa, 2030 yilga qadar fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining yangi loyihasini ishlab chiqish orqali bu yo‘nalishdagi strategik rejalar qayta ko‘rib chiqiladi, zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtiriladi.
Xulosa qilib aytganda, yo‘l xaritasida belgilangan chora-tadbirlar nafaqat fuqarolik jamiyatining institutsional rivojiga, balki faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash va barqaror ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekistonning yangi bosqichdagi islohotlarini yanada samarali amalga oshirishda mustahkam asos bo‘ladi.
Inobat Hakimova,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA