“Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi hamda Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sherikchilik bo‘yicha jamoat komissiyasi tomonidan viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi bo‘yicha jamoatchilik nazorati tadbirlarining 2022 yil uchun mo‘ljallangan Ish rejasi”ga muvofiq jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Oliy Majlis Senati va jamoatchilik guruhi a’zolari, siyosiy partiyalar, NNT rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Navoiy viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Faxriddin Rahmatov aholi bandligini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini kasbga o‘qitish, tayyorlash va yo‘naltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kvotalash tizimi, viloyatda mehnat resurslarini boshqarish, mehnat bozorini samarali tashkil etish hamda sohada qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning ijrosi bo‘yicha axborot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda viloyatda mehnat resurslari 558,7 ming nafar, ish bilan band bo‘lganlar 410,4 ming nafar, shundan rasmiy sektorda bandlar 289,3 ming nafar, norasmiy sektorda bandlar 99,9 ming nafarni tashkil etadi. Ishsizlar soni 39,8 ming nafar, ishsizlik darajasi 8,8 foiz bo‘lib, shundan ayollar o‘rtasida 10,4, yoshlar o‘rtasida esa 10,1 foizni tashkil etadi.
Ishsizlarning asosiy qismi Xatirchi, Nurota, Tomdi, Navbahor, Qiziltepa tumanlariga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning o‘tgan davrida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan 11,2 ming nafar fuqaroga bandlik va mehnat munosabatlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilgan.
– 1991 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi, 1478 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan bo‘lsa, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 349 nafar ishsiz fuqarolarga subsidiya ajratish hisobiga ularning bandligiga ko‘maklashildi, – dedi F.Rahmatov. – Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida 653 nafar fuqaro ishsiz deb e’tirof etilib, 373,1 million so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lab berilgan. Shu bilan birga 892 nafar ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish belgilangan bo‘lib, amalda 1114 nafar fuqaro talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitildi. Ushbu kasb-hunarga jalb etilgan fuqarolardan 88 nafarini nogironligi bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi.
Joriy yil yakuniga qadar viloyat bo‘yicha 9460 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar zaxiralangan va bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtiriladi. 4472 nafar ishsiz fuqarolarni servis va xizmat ko‘rsatish, texnik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, IT, tadbirkorlik sohasi va yana boshqa talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitiladi hamda ularning shu sohalarda bandligini ta’minlanadi. 6284 nafar ishsiz fuqarolar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinsa, 781 nafar fuqarolarning turli xil yo‘nalishlarda subsidiyalar ajratish orqali bandligi ta’minlanadi.
Jamoatchilik eshituvida subsidiya mablag‘laridan samarali foydalanish holatlari, jumladan, Navoiy shahri, Navbahor va Karmana tumanlarida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi. Ishchi guruhining o‘rganishlari, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar o‘rtaga tashlandi.
Yig‘ilishda Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi huzuridagi Jamoatchilik Kengashi a’zolari taqdim etilgan ma’lumotlar, yaratilgan ish o‘rinlarining nechog‘lik haqqoniy ekanligi, ajratilgan subsidiyalar o‘z egalariga manzilli yetib borganiga aniqlik kiritish maqsadida joylarga chiqib o‘rganish o‘tkazishga kelishib olindi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA