Jamoat xavfsizligini ta’minlashda “mahallabay” ishlash tizimi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash strategiyasi tubdan o‘zgarib, bu borada yangicha yondashuv shakllandi. Ilgari asosiy e’tibor jinoyat sodir etilganidan keyin uning oqibatlari bilan kurashilgan bo‘lsa, bugungi kunda uning erta oldini olish, ya’ni profilaktika tizimini kuchaytirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu esa jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning eng samarali yo‘lidir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu hujjatga muvofiq, “mahallabay” ishlash tizimi joriy etilib, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi omillar bilan ishlash, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq manzilli va har choraklik manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Bu haqida poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Kichik Xirmontepa mahallasida tashkil etilgan davra suhbatida so‘z bordi. Tadbirda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti talabalari, mahalla faollari va tegishli soha vakillari ishtirok etdi. Muloqotda “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va uning profilaktikasini tashkil etish” hamda “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish” mavzularida fikr-mulohazalar almashildi.
[gallery-28392]
Mutaxassislar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili 500 milliondan ortiq kiber hujum uyushtiriladi. Har soniyada 12 nafar insondan biri kiber makonda sodir etilgan hujumlar qurboniga aylanadi. O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda bu turdagi jinoyatlar 8,3 baravarga ko‘payib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetgani esa tashvishli holat. Shu bois, aholi, ayniqsa yoshlarning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, tadbir davomida ishtirokchilarga internetdan xavfsiz foydalanish qoidalari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish usullari, shubhali havolalar va firibgarlikni aniqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, millat genofondini giyohvandlik hamda narkojinoyatlardan samarali himoya qilish, bu boradagi qonunchilik talablari haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berildi.
Yoshlarning barcha savollariga batafsil javob qaytarildi.
– Tadbirda muhokama qilingan har ikki mavzu dolzarb va ularga qarshi birlashib kurashsakkina, natijaga erishish mumkin, - deydi Chilonzor tumanidagi Kichik Xirmontepa mahallasi raisi Zulfiya Ahadova. – Ayniqsa, giyohvandlikning yoshlar orasida ommalashishi juda xavflidir. Endi savol tug‘iladi: xo‘sh, yigit-qizlar bu illat ta’siriga nega tushib qolyapti? Fikri ojizimcha, ayrimlar to‘qlikka sho‘xlik qilsa, boshqalar o‘zi bilmagan holda aldovlar qurboniga aylanib qolyapti. Yoshlarning ajal girdobiga tushib qolishiga ko‘pincha oiladagi muhit yoki e’tiborsizlik sabab bo‘ladi. Shu ma’noda bugun muammoning oqibatlari bilan emas, balki sabablari bilan kurashish samaralidir. Bu kurash bugungi tadbirda bo‘lgani kabi targ‘ibot-tashviqot va media imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali amalga oshirilsagina kutilgan natija beradi.
Davra suhbati yakunida jamiyatimizdagi boshqa masalalar yuzasidan ham mahalla faollari va yoshlar muloqotlarini doimiy ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi. Boisi, doimiy muloqot, o‘zaro fikr almashish va hamkorlik orqali jamiyatdagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, jamoat xavfsizligini ta’minlash – bu faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas, balki butun jamiyatning, har bir fuqaroning burchidir. Mahalla instituti esa bu jarayondagi eng muhim bo‘g‘inlardan bo‘lib, uning faolligi va tashabbuskorligi orqali jinoyatchilikning oldini olishda yuqori samaraga erishiladi.
Kamola Yusupova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA