“Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan jamoat transportini rivojlantirishga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Joriy yilning 31 noyabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida 128 yo‘nalish bo‘yicha jami 95 million 368 ming yo‘lovchi jamoat transporti – avtobuslardan foydalangan.
Tadbir avvalida “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi A.Jo‘rayev mamlakatimizda jamoat transportini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazib, tizim faoliyati va galdagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
– Toshkent shahridagi barcha bekatlar, shoh ko‘chalar, avtosaroylarning yo‘nalishini o‘rganib chiqdik, – dedi A.Jo‘rayev. – O‘rganishlar natijasida informatsion yo‘l belgilarining yetishmasligi aniqlandi. Xorijlik mehmon mashina ijaraga olsa, ma’lum bir manzilni topishda qiynaladi.
Buni 10 kilometr asosida analiz qilib chiqdik. Hozirgi kunda ushbu masofada 86 yo‘l belgisi bor. Jahon talablari asosida esa 355 yo‘l belgisi bo‘lishi kerak. Bundan ko‘rinib turibdiki, bizda 3 barobar kam. Bizga ekspertlar shaharda tezyurar avtobuslarni tashkil etish taklifini bildirgan.
Bu tajriba xorijiy davlatlarda o‘zini oqlagan. Hozirda biz poytaxtimizdagi yo‘lovchi oqimi eng ko‘p 7 yo‘nalishni belgilab oldik. Bu yo‘nalishlarni bir-biri bilan bog‘lagan holda 5 yil ichida tezyurar avtobus tizimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Bu loyihani 2021 yildan boshlamoqchimiz.
Yo‘llar, bekatlar qurilishi, yangi 18-24 metrlik katta sig‘imli avtobuslar sotib olinishi bilan butun loyihaning qiymati 26 million dollarni tashkil etadi. Bu loyihaning dastlabki qiymati. Bundan tashqari, jamoat transportini rivojlantirishga oid katta loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Tadbirda avtobuslarni onlayn kuzatib borish tizimiga oid yangiliklar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda “ATTO” transport kartalarini “Toshshahartransxizmat” AJ oylik yo‘l chiptalarini sotish shaxobchalarida hamda metropoliten kassalarida 15 ming so‘mdan xarid kilish mumkin. Bunda to‘lov qilingan mablag‘ning 5 ming so‘mi kartaning hisobiga o‘tkazib beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 martdagi “Toshkent shahar yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari”gi qarorida joriy yil jamoat transportida yo‘nalishni rejalashtiruvchi “Mening yo‘nalishim” elektron tizimini joriy etish belgilangan.
“Mening yo‘nalishim” loyihasi - bu avtobuslarning bekatlarga kelish vaqtlari to‘g‘risida onlayn ma’lumot berish orqali jamoat transporti yo‘lovchilarining vaqtini tejashga qaratilgan ijtimoiy loyiha hisoblanadi. Mazkur mobil ilovaga Toshkent shahridagi barcha avtobus yo‘nalishlari kiritilgan bo‘lib, yo‘lovchilar o‘z avtobuslarini oldindan ko‘rish va bekatga yetib kelish vaqtini onlayn tarzda kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, yo‘lovchilar ilovada kuzatiladigan xato va kamchiliklar yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini mobil ilovaning o‘zida "fikr bildirish" bandi orqali yo‘llab, jamoat transporti faoliyatini takomillashtirish uchun o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA