Toshkentda 11 may kuni “Konstitutsiyaviy islohotlar: fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi tomonidan Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda AQSH Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda huquqiy islohotlar Dasturi (LRP) ko‘magida tashkil etildi.

Mazkur anjuman “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini mustahkamlash, barqaror rivojlanish bilan bog‘liq muhim masalalarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rni va ahamiyatini oshirish, faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asosini takomillashtirish sohasidagi milliy va xalqaro tajriba bo‘yicha fikr almashish maydoni bo‘lgani bilan ahamiyatlidir.
Oflayn va onlayn shaklda tashkil etilgan forumda dunyoning turli mamlakatlaridan ekspertlar, davlat idoralari, ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari, O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar hamda Toshkentdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbari Akmal Saidov ishtirokchilarga yo‘llagan videomurojaatida so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqini muhofaza qiliash, davlat idoralarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari rolini, aholi va jamoat birlashmalari siyosiy faolligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Yalpi sessiya ma’ruzachilari yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlari inson huquqini ta’minlash va himoya qilish, aholi huquqiy madaniyatini oshirishning muhim vositasi ekanini ta’kidladi. Darhaqiqat, tinch, farovon va barqaror rivojlanayotgan demokratik jamiyat barpo etish, inson qadr-qimmati, huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini himoya qilish, Barqaror rivojlanishning umumbashariy va milliy maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari beqiyos ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz Prezidenti va hukumatimizning sohaga oid 200 dan ziyod hujjati qabul qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari soni 22 foiz oshdi. Jumladan, respublika bo‘yicha 200 ga yaqin yirik NNT faoliyat boshladi. bugungi kunda ushbu fuqarolik institutlari inson qadr-qimmati, huquqi va erkinligini ta’minlash hamda himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda bag‘rikenglik va inson huquqiga doir madaniyatni shakllantirish, barqaror rivojlanishning eng muhim vazifalarini amalga oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Qolaversa, davlat byudjetidan NNT faoliyatini, shunday tuzilmalar tomonidan ishlab chiqilayotgan ijtimoiy, jamoaviy ahamiyatga molik loyihalar amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablag‘ (subsidiya, ijtimoiy buyurtma yoki grant) miqdori besh barobardan ko‘proq oshirildi. Kelgusida, xususan, joriy yilning o‘zida fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, 700 dan ortiq dastur va tashabbus davlat tomonidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ayni loyihalarni amalga oshirishda 3000 dan ziyod jamoat tashkiloti ishtirok etadi. NNT va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan iste’dodli yoshlar muntazam tarzda raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq, jumladan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish ishlariga jalb etilyapti. O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lida faol xizmat qilayotgan 150 milliy madaniy markaz har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Tom ma’noda fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lgan makon va zamondagina huquqiy davlat qaror topishi mumkinligi anjumanda alohida ta’kidlandi. Darhaqiqat, fuqarolik jamiyatini inson erkinligi va qadr-qimmatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil demokratik islohotlar insonga g‘amxo‘rlik qiladigan, har bir fuqaroning qonuniy manfaati va farovonligini ta’minlaydigan erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga asoslangan davlat qurishga yo‘naltirilgan. Inchunun, Prezident Shavkat Mirziyoyevning fundamental asari hisoblangan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida davlat rahbarining “Xalq qabulxonalari”ga konstitutsiyaviy maqom berish, fuqarolik jamiyati institutlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini kodifikatsiya qilish, Axborot kodeksini qabul qilish, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi,“Normativ-huquqiy hujjatlarning jamoat muhokamasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari, ularning reglamentlari va nazorat faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish, mamlakat qonunchiligi, “Elektron parlament” va “Elektron Xalq kengashi deputatlari”, shuningdek, xalq manfaatiga xizmat qiluvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturlarini tasdiqlash nazarda tutilgan.

“Fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishning konstitutsiyaviy-huquqiy asosi”, nomli birinchi sessiyada “O‘zbekiston tajribasi”, “Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining konstitutsiyaviy kafolati”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining holati va rivojlanish istiqboli” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
“O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari va davlatning o‘zaro hamkorligi: tajriba, ilg‘or tendensiya, istiqbol” mavzusidagi ikkinchi sessiyada esa ishtirokchilar “jamiyatda inson huquqi madaniyatini shakllantirishda fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish”, “Ijtimoiy sheriklik: Yevropa mamlakatlari tajribasi” kabi bir necha mavzu muhokama qilindi.
Sessiya davomida munozaralarda ishtirokchilar muayyan takliflarni o‘rtaga tashladi.
Tadbir yakunida konferensiyaning “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilindi. Mazkur hujjat BMT, YeXHT, YeI, SHHT, MDH doirasida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, mazkur nufuzli xalqaro tuzilmalarni davlat va jamiyat boshqaruvi jarayoniga jalb etish bo‘yicha qabul qilingan xalqaro huquqiy hujjatlarni hisobga olgan holda tayyorlangan.
Anjumanda taqdim etilgan tahliliy materiallar, ma’ruzalar to‘plam sifatida chop etilishi ham nazarda tutilgan.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA