Mard, qat’iyatli, vatanparvar ajdodlarimiz hayoti ibratga boy. Ular tarixini puxta o‘rganish bugunning dolzarb vazifasidir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o‘rganish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Mazkur ma’rifiy loyiha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Mudofaa vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, tarixchi olimlar, harbiylar, pedagoglar, talaba-yoshlar qatnashdi.
Davra suhbatida ta’kidlanganidek, millatimiz faxri, jasur sarkarda, milliy qahramon Jaloliddin Manguberdining hayoti, uning tariximizdagi o‘chmas jasorati yosh avlod uchun o‘ziga xos namunadir. Jaloliddin Manguberdining hayot yo‘li yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqatli, jasorat, matonat, irodali qilib tarbiyalashda, insonlarni komillikka yetaklash, mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda muhim ma’naviy qalqon vazifasini o‘tashi shubhasiz.
Shu bois uning merosini o‘rganish, yosh avlodga bu boy xazinaning qadr-qimmati, ahamiyatini tushuntirish muhimdir.
Shubhasiz, Jaloliddin Manguberdi – milliy qahramonlarimizdan biri. 1999 yili mamlakatimizda jasur ajdodimiz tavalludining 800 yilligi nishonlangan. Diyorimizda unga atab bir necha haykallar o‘rnatilgan. 2000 yilning 30 avgust kuni “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan. Bu orden bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt obodligi yo‘lida samarali mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz taqdirlanishi an’anaga kirgan.
Shu bilan birga, harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan, davlatning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan qo‘mondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mazkur orden bilan mukofotlanadilar. 2003 yilning 22 avgust kuni ushbu orden bilan Xorazm viloyati mukofotlangan.
Jaloliddin, shuningdek, Turkmanistonda ham hurmat qozongan bo‘lib, uning mo‘g‘ullarga qarshi jasorati bugungi kunda ham tarannum etiladi. Ajdodimiz hayotiga oid tarixning yangi qirralarini ochish, o‘tmishning o‘rganilmagan sahifalarini kashf etish bugun har qachongidan ham muhimdir.
Ozodlik kurashchisi, dovyurak sarkarda, milliy qahramon, jahon xalqlari tarixida o‘chmas iz qoldirgan Jaloliddin Manguberdi jasoratining yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi tarixiy ahamiyati albatta, katta. Olimlarning fikricha, mo‘g‘ullarga qarshi kurashdagi jasorati, jang taktikasini o‘rganish yosh vatanparvarlar uchun ham zavqli, ham maroqli. Ayniqsa, tarixda nom qoldirgan 1221 yilda bo‘lib o‘tgan Parvon jangida mo‘g‘ullarga qaqshatqich zarba beradi. Milliy qahramonimizning dushmanga asir tushmay o‘zining oti bilan qoyadan suvga sakrashi kishini larzaga soladigan jasoratdir. Afsonaga ko‘ra, Chingizxon yosh sultonning jasoratiga tan berib, o‘zining o‘g‘illariga: “Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim”, degan ekan. Jasoratli o‘g‘lon o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas, nomi bilan tillarda doston, o‘zbek xalqining mard o‘g‘lonini yoshlarga o‘rnak bo‘lguvchi sifatlari, o‘rganilmagan jihatlari ko‘p.
Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyatining kengroq o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyulda tegishli farmoyishi qabul qilindi. Unda Jaloliddin Manguberdining harbiy mahoratiga oid badiiy, ilmiy publitsistik sahna asarlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Turkiya, Mo‘g‘iliston, Sharq, Kavkazorti va boshqa xorijiy mamlakatlarda Jaloliddin Manguberdi tarixini o‘rganish borasida izlanishlar olib borgan tadqiqotchilar bilan aloqani o‘rnatish, ilmiy-ma’rifiy muassasalar, kutubxona va muzeylar, arxiv va qo‘lyozmalar fondlarida saqlanayotgan nodir asarlar, tarixiy xujjatlarni o‘rganish, ulardan nusxalar olish ishlarini tashkil etish va yana bir qator amaliy, ezgu ishlarni olib borish ko‘zda tutilgan.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligining 2021 yil noyabr oyida “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o‘rganish” mavzusida xalqaro ilmiy amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha taklifi ilgari surildi. bugungi o‘tkazilayotgan davra suhbatining mazmun-mohiyati ham mana shu ezgu ishlarning debochasidir.
Davra suhbatida buyuk sarkardaning jangovor hayotiga oid juda ko‘p ma’lumotlarga e’tibor qaratildi. Kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirib olindi.
N.USMONOVA, O‘zA