Jalaquduq tuman sudi yangi binoda ish boshladi
Andijon viloyat sudi tomonidan Jalaquduq tumanida barpo etilgan yangi tipdagi sud binosiga ommaviy axborot vositalari xodimlari, mustaqil jurnalist va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda demokratik va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, sud tizimini isloh qilish, demokratlashtirish, odil sudlovga erishish, sudyalar mustaqilligini, ularning faoliyatini keng jamoatchilik uchun ochiq va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, samarali ish yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Sud binolarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturiga asosan mamlakatimizda sudlar uchun 31 ta yangi bino barpo etish hamda 107 ta binoni ta’mirlash belgilangan. Jalaquduq tumanida umumiy loyiha qiymati qariyb 4,5 milliard so‘m bo‘lgan, “Radius servis” qurilish korxonasi tomonidan barpo etilgan yangi tipdagi sud binosi viloyatda ana shu yo‘nalishdagi ishlarning debochasi bo‘ldi.
Media-tur ishtirokchilari sud binosidagi shart-sharoit va qulayliklar bilan tanishdi.
[gallery-2207]
– Yangi sud binosi eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan, samarali ish olib borish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tuman sudi raisi Nozimjon Parpiyev. – Binoda fuqarolar va arizalarni qabul qilish, ona va bola, tibbiyot xonalari, advokat va prokuror uchun maxsus xonalar, alohida kutubxonaning mavjudligi, shuningdek, videokonferensaloqa, infakiosk, korporativ tarmoq tizimi ishga tushirilganligi nafaqat fuqarolarga, qolaversa, sud jarayonida ishtirok etuvchi barchaga katta qulayliklar yaratadi.
Bundan tashqari, binoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bog‘liq keng imkoniyatlar yaratilganki, bu muayyan sud ishi yuzasidan sud jarayonida qatnashayotgan taraflarga juda katta qulaylik yaratadi. Xususan, videokonferensaloqa tizimi mamlakatimizning barcha viloyatlari integratsiyalashgan bo‘lib, ish yuzasidan da’vogar, javobgar yoki guvoh boshqa hududda turib videokonferensaloqa tizimi orqali sud majlisida qatnashish imkoniyati yaratilgan. Mazkur tizimning yo‘lga qo‘yilganligi fuqarolarning vaqtini, mablag‘ini tejaydi, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oladi.
Sud qabulxonasida joylashgan infakiosk orqali fuqarolar sudlar faoliyatiga daxldor tartib-qoidalar, Oliy sud plenum qarorlari, sohaga oid yangiliklar, da’vo arizalari bilan tanishishlari, zarur bo‘lganda ulardan namunalar olishlari yoki shu joyning o‘zida da’vo arizasini to‘ldirib, elektron tarzda sudlarga taqdim etishi mumkin.
Yakunda tashkil etilgan muloqotda media-tur qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga tuman sudlari raislari hamda mutasaddilardan javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA