Jajji gimnastikachilar bahsi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida “Gimnastikaga ilk qadam” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi o‘rtasida gimnastika sporti, xususan, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin, akrobatikaning ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni aniqlash, professional sportchilarni tayyorlash, maktabgacha yoshdagi bolalarda ushbu sport turi bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-13783]
Musobaqada viloyatdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 3-7 yoshli 65 nafar tarbiyalanuvchisi ishtirok etdi. Jajji gimnastikachilar yakka va jamoaviy mashqlarda bahs olib bordi. Ishtirokchilar o‘zlarining chiroyli chiqishlari bilan sportning nafis turi hisoblangan badiiy gimnastikaning o‘ziga xos, nozik jihatlari, texnikasini puxta o‘zlashtirib olganligini ko‘rsata oldi.
Yakuniy natijalariga ko‘ra, yakka mashqlarda Pop tumani vakili Mubina Abduvohidova, jamoaviy mashqlarda Chust tumani jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA